Sharof Rashidov tumanida korrupsiyaga qarshi talablar ijrosi o‘rganildi
2025-10-23 08:30:00 / Yangiliklar

O‘rganish jarayonida hokimlikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan tartib-taomillar, ichki normativ hujjatlarning bajarilishi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi talab va me’yorlarga rioya etilishi holati nazorat tartibida ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida tuman hokimligi xodimlariga “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizom”, odob-axloq qoidalari hamda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun talablari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, 2025-yilning o‘tgan 9 oyi davomida mahalliy hokimlik organlarida ayrim mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoiy xatti-harakatlar hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq salbiy holatlar misolida tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Uchrashuvda bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ularning amaliy ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari, korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularning xizmat faoliyatida qonun talablariga qat’iy rioya etish zarurligi eslatib o‘tildi.
Shuningdek, 2025-yilning 9 oyi davomida ishga yangi qabul qilingan 4 nafar xodimning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshirilib, ular ichki idoraviy hujjatlar bilan tanishtirildi va imzo asosida tasdiqlash ishlari amalga oshirildi.


