Videoreportaj: Yozgi ta’til bolajonlar uchun unutilmas bo‘ladi — Jizzaxda oromgohlar mavsumga shay
2025-05-23 09:00:00 / Yangiliklar

Viloyatda 9 ta statsionar oromgohlarda 5665 nafar hamda maktablar qoshidagi 92 ta kunduzgi sog‘lomlashtirish maydonchilarda 5525 nafar bolajonlarni maroqli dam olishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan mavsumga tayyorgarlik ko‘rilishi borasida ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, departament tasarrufidagi barcha oromgohlarni malakali pedagogik jamoa bilan ta’minlash borasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mart oyi boshidanoq Respublika departamenti tomonidan tasarrufdagi barcha oromgohlarda katta tarbiyachi hamda yetakchi lavozimida ishlashni xohlovchilar bilan uchrashuvlar, suhbatlar o‘tkazilib, mahorati yuqori nomzodlar tanlab olindi.
Yozgi dam olish mavsumini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida 2025-yil 9 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29-sonli bayoni qabul qilindi. Mazkur bayonning 1-ilovasiga muvofiq 12 kunlik namunaviy dastur tasdiqlandi. Mazkur dastur oromgohlardagi bolalarning turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, to‘garaklar va sport mashg‘ulotlari orqali har bir daqiqasini ununilmas va taassurotlarga boy tarzda o‘tishida muhim dastur-ul amal bo‘ldi, desak adashmaymiz.
Joriy yil 20 may kuni Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan Zomin tumanidagi “Zomin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ushbu 12 kunlik namunaviy dasturning mazmun-moxiyati va amalga oshirish mexanizmlarini ochib berishga qaratilgan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Bundan tashqari, bolalar uchun mavsumni ununilmas tarzda o‘tishida oromgohlarni ta’mirlanishi, moddiy-texnika bazasini yanada shakllantirilishi, tozaligi va obodligiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Shu maqsadda, Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tasarrufidagi 3 ta oromgohda joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha pudratchi tashkilotlar o‘rtasida tenderlar o‘tkazilib, g‘olib pudratchilar aniqlandi hamda aprel oyidan joriy ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Qolaversa, Zomin tumanidagi “Zomin”, “Zomin sanrayz”, G‘allaorol tumanidagi “Kamolot”, Forish tumanidagi “Jilgacha”, “Zangori olov” hamda “Koinot” oromgohlarini mavsumga hozirlash bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda viloyatimizdagi barcha oromgohlar tayyorgarlik ishlari yakunlanib, mavsumga to‘liq shay holatga keltiriladi.
Shu bilan birgalikda, bolalarning maroqli dam olishlarini tashkil etish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Dam olish, ovqatlanish, yuvinish va mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xonalar, sport maydonchalari barcha zarur jihozlar bilan ta’minlanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yozgi dam olish mavsumi boshlanishiga ham ko‘p vaqt qolmadi. Ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, yozgi mavsum yuqori saviyada o‘tishiga hech shubha yo‘q.
