Jizzax viloyatida tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha seminai o'tkazildi
2025-03-12 18:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Seminar doirasida ishtirokchilar Jizzax shahridagi ko‘p qavatli uylarning obodonlashtirilishi hamda Zafarobod tumanida amalga oshirilayotgan ilg‘or tajribalar bilan tanishadilar.
Dastlab, Jizzax shahridagi "O‘rda" ekologik bog‘ida joylashgan "Bobo Yakka" ziyoratgohi ziyorat qilindi. Bu yerda Qur’on tilovat qilinib, xatmi Qur’on o‘qildi hamda qurbonlik qilindi.
Seminar davomida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanishi bo‘yicha ilg‘or usullar muhokama qilinadi va tajriba almashiladi.
Seminar ishtirokchilari Jizzax shahridagi "Zargarlik" mahallasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, viloyat markazida ma’nan eskirgan ko‘p kvartirali uy-joylarni renovatsiya qilish, 24/7 xizmat ko‘rsatish va gastronomik ko‘cha loyihalarining taqdimotlari bilan tanishishdi.
Ta’kidlash joizki, “Zargarlik” mahallasi hududida joylashgan ko‘p qavatli turar joy binolari va ularga tutash hududlarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, mahalla hududidagi jami 223 xonadondan iborat 4 ta to‘rtta qavatli uylarni mukammal ta’mirlash ishlarining namunaviy loyihasi“Qishloqqurilishloyiha” DM Jizzax filiali tomonidan ishlab chiqilib, u asosda ko‘p qavatli uylarning fasad qismlari bazalt qoplamasi bilan to‘liq qoplanib, pardozlash ishlari hamda 24 ta kirish yo‘laklaridagi ta’mirlash ishlari yakunlandi.
Shuningdek, uylarning tom qismini ta’mirlash, framuga romlarini o‘rnatish, yo‘laklardagi to‘sinlar yangilash, irrigatsiya tarmoqlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilib, tutash yerlardagi yo‘laklarni beton qoplama bilan qoplash, infratuzilma obyektlari, bolalar va sport maydonchalari, chiqindi yig‘ish shaxobchalarini qurish ishlari bajarilishi ta’minlandi.
Ushbu 4 ta to‘rt qavatli uylarni ta’mirlash va tutash hududlarini obodonlashtirish uchun 5.0 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.
Shu bilan birga, joriy yilda Jizzax shahridagi 117 ta ko‘p qavatli uylarni mukammal tamirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 90 ta ko‘p qavatli uylarning tom qismini va 20 ta uyning 85 ta kirish yo‘laklarini ta’mirlash, 48 ta uyning fasad qismlarini bazalt qoplamasi bilan qoplash, 67 ta uyning ichki issiqlik quvurlarini ta’mirlash, 58 ta uylarning yerto‘la qismidagi muhandislik-kommunikatsiya quvurlarini yangilash ishlari amalga oshiriladi.
Jizzax shahar “Madaniyat” va “Toshloq” mahallalari hududidagi 1 328 xonadonli 2 qavatli 1960-1970-yillarda qurilgan 99 ta uy-joylar o‘rniga renovatsiya dasturi asosida yangi zamonaviy uy-joylari quriladi.
Xususan, ushbu ma’nan eskirgan uy-joylarda 4 385 nafar fuqarolar istiqomat qilib kelmoqda.
Renovatsiya dasturi doirasida xitoylik investor “PENG CHENG TOUZI” MCHJ tomonidan jami qiymati 420 mln. dollar miqdorida investitsiya kiritishi natijasida 6 385 xonadonli 82 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.
Natijada, eskirgan 2 qavatli uy-joylarda yashovchi 1 328 ta xonadonlar zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlanadi hamda 5 057 ta qo‘shimcha yangi xonadonlar qurilib, 16 ming nafardan ko‘proq aholi yangi uy-joylar bilan ta’minlanadi.
Jizzax shahrida 24/7 faoliyat ko‘rsatadigan savdo va ko‘ngilochar ko‘cha tashkil etiladi.
Jizzax shahrining “O‘ratepalik” mahallasida Islom Karimov va Yakkatut ko‘chalari bo‘ylab, tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan savdo, ko‘ngilochar va gastronomik ko‘chani tashkil etishga qaratilgan loyiha taqdim etildi.
Loyiha doirasida infratuzilmani yaxshilash maqsadida respublika budjetidan 1,5 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan hududda piyodalar yo‘laklari quriladi, yoritish tizimi yaxshilanadi, obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi hamda irrigatsiya tizimi modernizatsiya qilinadi.
Loyihaning iqtisodiy samaradorligini baholash natijalariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish hajmi – 9,4 milliard so‘mni, 24/7 rejimiga o‘tadigan obyektlar – 21 tani, yangi tashkil etiladigan obyektlar – 20 tani, yaratiladigan ish o‘rinlari – 35 tani va soliq tushumi – 529 million so‘mni tashkil etadi.
Ushbu tashabbus shahar aholisi va mehmonlari uchun qulaylik yaratish bilan birga, mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirishga va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Jizzax shahridagi obodonlashtirish ishlari va loyihalar bilan tanishilgandan keyin, seminar ishtirokchilari avtobuslarda Zafarobod tumanidagi og‘ir mahalla – "Birlik" mahallasiga yo‘l oldi.
2025-yilda viloyatda 31 ta mahallani “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ellik foizdan yuqori darajada ixtisoslashtiriladi.
“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshiriladigan namunali loyihalar asosida urug‘ va ko‘chatlar 33 ta agregatorlar tomonidan dehqon xo‘jaliklariga yetkaziladi.
575 nafardan ortiq fuqarolarning doimiy bandligi ta’minlanadi, bir gektar yerdan olinadigan sof daromad 76 mln. so‘mni tashkil etadi.
Yetishtirilgan hosilning 740 tonnasi eksport qilinadi, ikki marta hosil olish natijasida bozorlar arzon mahsulotlar bilan ta’minlanadi.
2025-yilda dasturlar doirasida ajratilgan moliyaviy resurslar mahallalar ixtisoslashuvini oshirishga qaratiladi.
Dasturlar doirasida ajratiladigan mablag‘lar 722,5 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Jumladan, “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi bo‘yicha 286,8 mlrd.so‘m, “Hamroh tadbirkor” dasturi doirasida 15,2 mlrd.so‘m, “Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha 236,1 mlrd.so‘m, 12,4 mingta mikroloyihaga jami 290 mlrd.so‘m va “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturiga 184,4 mlrd.so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Zafarobod tumanidagi “Birlik” mahallasining "Zafarobod birlik tomorqa xizmati" MCHJ faoliyati hamda aholiga ijaraga berilgan yerlarda "Bir kontur – bir mahsulot" tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayonlari bilan tanishildi. Shuningdek, mahallada aholi tomorqalariga suv chiqarish loyihasi ishga tushirildi.
“Zafarobod birlik tomorqa xizmati” MCHJ faoliyati qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish, saqlash va realizatsiya qilish yillik quvvati 1,0 ming tonnani tashkil etadi. Xuddi shunday tizim viloyatning 81 ta mahallasida 36 ta kompaniya ishtirokida joriy etiladi.
“Birlik” mahallasida shuningdek, viloyatda aholi tomorqalariga suv chiqarish loyihalari ishga tushirilgan og‘ir ahvoldagi 10 ta mahallaning faollari bilan onlayn muloqotlar o‘tkazildi, viloyatdagi 58 ta og‘ir mahallada tomorqa suvi ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida “Birlik” mahallasi va Zafarobod tumanidagi boshqa mahallalarning ixtisoslashuvi, mahsulotlarni ichki bozorga yetkazib berish haqida ma’lumotlar berildi.
Zafarobod tumani "Cho‘liguliston" mahallasida "Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla" mezonlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi taqdimot hamda tomorqaga xizmat ko‘rsatish, resurslar ta’minoti ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Seminar ishtirokchilari "Cho‘liguliston" mahallasining ixtisoslashuvi va mahsulotlarni ichki bozorga yetkazib berish jarayonlari bilan tanishdilar.
Tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish, kartoshka, pomidor va ko‘kat mahsulotlarini yetishtirish tajribalari o‘rganildi.
Ushbu tadbir doirasida "Cho‘liguliston" mahallasida seminar ishtirokchilari “Cho‘liguliston” mahallasida hududida tomorqaga qishloq xo‘jaligi mini texnikalari va agregatlari ko‘rgazmasi bilan tanishishdi hamda shu yerning o‘zida viloyatdagi 24 ta og‘ir mahallaga lizing asosida mini traktor va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarini taqdim etish marosimi o‘tkazildi.
Tadbir doirasida mahallada tashkil etilayotgan "Yoshlar bog‘i"da "Yashil makon" loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ham ekildi.
Seminar doirasida “Samarqand” mahallasi hududidagi madaniyat markazi zalida "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali ularning daromadlarini oshirish chora-tadbirlari" mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi.
Seminarni Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov ochib berdi.
Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Markaziy bank, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik hamda Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining mutaxassislari ishtirok etdi va o‘z tavsiyalarini bildirishdi.
Shu bilan seminar o‘z ishini yakunladi.







