Adolat yo’lida birlashaylik!
2025-02-18 07:00:00 / Yangiliklar

Mazkur partiya O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari va boshqa jamoatchilik vakillarining tashabbusi hamda sa’y-harakatlari bilan tashkil etildi. Aynan shu kuni partiyaning ta’sis Qurultoyi bo’lib o’tdi. Qurultoyda partiya Nizomi va dasturlari tasdiqlandi. Buyuk bobomiz Amir Temurning “Kuch – adolatda” shiori partiyaning asosiy shiori sifatida belgilandi. Shuningdek, Qurultoy qarori bilan partiyaning bosma nashri – “Adolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi ham ta’sis etildi va 1995 yil 22 fevral kunidan boshlab muntazam ravishda chop etila boshladi. O’sha yilning o’zida partiyaga 3000 nafardan ortiq fuqarolar a’zo bo’lishgan. Respublikamizning barcha hududlarida yuzlab boshlang’ich partiya tashkilotlari hisobiga mahalliy va hududiy kengashlar tashkil topdi. Xususan, O’zbekiston "Adolat" SDP Jizzax viloyat Kengashi 1995 yil 18 mayda tashkil etilgan bo’lib, partiyaning viloyat Kengashi 1-Konferensiyasi 18 may kuni chaqirilgan. Shuningdek, konferensiyada O’zbekiston "Adolat" SDP Jizzax viloyat Kengashi birinchi kotibi etib “Jizzaxshartnomasavdo” hududiy boshqarmasi boshqaruv raisi O’rinboy Qo’ldoshev saylangan. SHuningdek, keyinchalik ustozlarimiz Qudratilla Rafiqov, Xusan Ermatov, Muxtor Eshbekov, Anvar Temirov, Nurmamat Shodiyev hamda Rustam To’ychiyevlar partiyaning viloyat Kengashi raisi etib saylangan. Partiya faoliyatini takomillashtirish, viloyatda partiya taniluvchanligi va nufuzini oshirishda ularning hissasi katta.
Ta’kidlash lozimki, so’nggi yillarda Jizzax viloyatida partiya tarafdorlari soni sezilarli darajada ortib bormoqda. Birgina misol, men 2017 yil partiyada o’z ish faoliyatimni boshlagan kezlarim, viloyatda partiya a’zolari soni 14027 nafarni tashkil etgan bo’lsa, bugungi kunda bu ko’rsatkich 111480 nafarga yetgan. Qolaversa, partiyamiz safida xotin-qizlar ulushi 52 foiz, yoshlar ulushi esa 44 foizni tashkil etadi. Albatta, bunda partiya faollarimiz va deputatlarimiz partiyaning g’oya va maqsadlarini, loyihalarini joylarda keng targ’ib etish, aholining turli qatlamlariga chuqurroq kirib borish, xalq orasida taniluvchanligi va nufuzini yuksalishida samarali mehnat qilishmoqda. Partiyaning o’z elektorati, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar bilan ishlash, ularning hayotiy muhim manfaatlarini ta’minlash borasida olib borayotgan ishlarini alohida ta’kidlash lozim.
Partiyaning asosiy maqsadi – Vatan mustaqilligini mustahkamlash, islohotlarning jadallashuviga, huquqiy-demokratik, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish va pirovardida, O’zbekistonni jahonda rivojlangan mamlakatlar safidan mustahkam o’rin olishiga munosib hissa qo’shishdir. Bu borada partiya faollari salmoqli ishlarni amalga oshirishmoqda. Shuningdek, bunda deputatlarning ham hissasi bor. Yaxshi bilamiz, deputatlar xalq vakili shuningdek, partiyani taniluvchanligi va nufuzini oshirishda asosiy rol’ o’ynaydi. Deputatlar faoliyati qancha samarali bo’lsa, xalqning partiyaga bo’lgan ishonchi ham shuncha ortib boradi. Deputatlar faoliyatiga to’xtaladigan bo’lsam, bizning adolatchi deputatlarimiz doimo faol, el-yurtning tashvish va muammolari bilan yashaydigan, katta bilim va tajribaga ega bo’lgan fidoyi insonlardir. 1994-1995 yilda ilk Oliy Majlisga o’tkazilgan saylovlarda “Adolat” SDP ham faol ishtirok etib, o’sha davrda Oliy Majlisda partiyaning 47 nafar deputati bo’lgan. Shundan, viloyatimizdan 2 nafar deputat Oliy Majlis deputati etib saylangandi. Bular, 68-Uchtepa saylov okrugidan Omon Olimjonov hamda 74-Paxtakor saylov okrugidan Mo’’tabar Sodiqovalar edi. Ularning olib borgan faoliyatlari bilan tanishar ekanman, bugungi kundagi deputatlarimizga har tomonlama o’rnak bo’la oladi desam mubolag’a bo’lmaydi. Bugungi kunda mahalliy Kengash deputatlari 45 nafarni tashkil etib, samarali mehnat olib borishmoqda.
O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Jizzax viloyat Kengashi o’tgan 30 yillik davr mobaynida bir qancha tashabbuslarni ilgari surdi. Bulardan biri sifatida yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan yoshlarni tarbiyalash maqsadida “Iste’dod klubi” tashkil etilgandi hamda klub a’zolarining doimiy faoliyatlarini olib borishi hamda mashg’ulotlar o’tkazib borishi uchun xona ajratilib, kerakli jihozlar bilan jihozlangandi. Viloyatimiz yoshlarining huquqiy va siyosiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida klubimiz o’rni beqiyos. “Istedod klubi” faol, talabchan, iqtidorli yoshlarni o’z atrofiga birlashtirgan edi.
Shuningdek, Partiyamizning “Vatan kelajagi yoshlar qo’lida” loyihasi doirasida “O’zbekiston bo’ylab sayohat” shiori ostida sayohatlar tashkil etganmiz. Albatta sayohatlarni tashkil etishimizda Jizzax viloyat hokimligi, homiylar va boshqa hamkor tashkilotlar yaqindan hamkorlik qilishgan. Bundan asosiy maqsad, ichki turizmni rivojlantirish, yoshlarga ulug’ bobokalonlarimizning ma’naviy merosini tanishtirish, ajdodlarga munosib voris bo’lish, yoshlarda o’zlariga bo’lgan ishonch va shijoatni yanada oshirish edi. Bunday misollarni ko’p keltirishimiz mumkin.
Bundan tashqari, bugungi kunda “Biz sog’lom turmush tarzi tarafdorimiz!”, “Bor mehrimiz senga, bolajon!” donorlik aksiyasi, “Biz zo’ravonlikka qarshimiz”, “Qandli diabetga qarshi kurashish haftaligi” loyihalari doirasida keng ko’lamli tadbirlar tashkil etilmoqda.
O’zbekiston “Adolat” SDP mafkuraviy va tashkiliy jihatdan mustahkamlanib, xalq orasida o’z o’rniga ega bo’lib bormoqda. Partiyaning asosiy maqsadlaridan biri, bu adolatli jamiyat va huquqiy davlat barpo etishdir.
“Adolat” SDPning 30 yillik tantanasi bilan barcha partiyadoshlarni samimiy muborakbod etib, partiyamizning kelgusi ish faoliyatiga ulkan zafarlar va muvaffaqiyatlar tilayman!
Orif Shukurov,
O’zbekiston “Adolat” SDP
Jizzax viloyat Kengashi raisi
