Jizzaxlik bir guruh faol tadbirkorlar eʼtirof etildi
2024-08-16 17:20:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan yurtimizda 20-avgust – “Tadbirkorlar kuni” sifatida keng nishonlanadi.
Bu sana tadbirkorlarimiz uchun nafaqat bayram, balki muammolarini hal etish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ham ochmoqda.
Davlatimiz rahbarining sana munosabati bilan tadbirkorlar bilan uchrashib, ochiq muloqot qilishlari anʼana tusini oldi. Bunday uchrashuv ilk bor 2021-yil 20-avgustda tashkil etilgandi.
Quvonarli jihati, har yilgi uchrashuvni barcha tadbirkorlar orziqib kutishmoqda. Boisi, Prezidentimiz bilan muloqotdan keyin sohalarda sezilarli oʻzgarishlar yuz bermoqda, tadbirkorlarga imtiyoz va imkoniyatlar qamrovi kengaymoqda.
Bugungi kunda Jizzax viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 28,2 mingdan ziyodni tashkil etib, ularda band boʻlgan aholi soni esa qariyib 220 ming nafarga yetdi.
Hozirgi kunga kelib viloyat yalpi ishlab chiqarishida xususiy sektorning oʻrni 68,3 foizdan oshgani ham sohaga berilayotgan eʼtiborning yaqqol dalili, desak ayni haqiqatdir.
Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan barcha hududlarda sanoat korxonalarini rivojlantirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yangi korxonalarni barpo etish hamda mahsulotlarning sifat darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Natijada soʻnggi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan isloxatlar natijasida viloyatimiz agrar hududdan – sanoati rivojlangan hududga aylanib, bugungi kunda viloyatda jami sanoat korxonalari soni 5 051 taga yetdi.
Soʻnggi 7 yilda viloyatimizga jami 2,7 mlrd. dollar xorijiy investitsiya mablagʻlari jalb etilgan boʻlsa, yaratib berilgan sharoitlar va amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida joriy yilning oʻzida 1,8 mlrd. dollar xorijiy investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirishni maqsad qilib olingan. Joriy yilning 6 oyida esa 477,3 mln.dollar xorijiy investitsiya mablagʻlari jalb etildi.
Shuningdek, 2024-yilda 315 mln. dollarlik mahsulotlarni dunyoning 54 tadan ortiq mamlakatlariga eksportni amalga oshirish choralari koʻrilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan bir guruh yurtdoshlarimiz Davlat mukofotlariga sazovor boʻldilar. Ular orasida viloyatimizning 3 nafar vakili ham bor.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi Farmoyishiga asosan yana 8 nafar tadbirkorimiz “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar.
Viloyat hokimligi Anjumanlar saroyida tashkil etilgan tadbirda ushbu orden, medal va koʻkrak nishonlari viloyat hokim Ergash Saliyev tomonidan oʻz egalariga tantanali tarzda topshirildi.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati







