Do‘stlik tumanida raqamli islohotlarni rivojantirish uchun sun’iy intellekt asosida ishlar jadallashtirilmoqda
2026-01-21 10:00:00 / Yangiliklar

Ana shu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Do‘stlik tumanida raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi ishlarni jadallashtirishga bag‘ishlangan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli soha mutaxassislari hamda mas’ul rahbarlar ishtirok etib, raqamli transformatsiyani izchil amalga oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ozod Bobomuradov qatnashib, davlat boshqaruvida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, xalqaro tajribaga tayangan holda, sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilgan mamlakatlarda ma’muriy xarajatlar o‘rtacha 20–30 foizga qisqargani qayd etildi. Bu esa raqamli yechimlar boshqaruv tizimida tejamkorlik, tezkorlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim vosita ekanini ko‘rsatadi.
Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi sohada mustahkam huquqiy va institutsional asos yaratib, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, elektron platformalarni rivojlantirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish uchun keng imkoniyatlar ochib berayotgani alohida ta’kidlandi.
Davra suhbati davomida raqamli platformalar orqali aholi murojaatlarini tahlil qilish, ijtimoiy ehtiyojlarni oldindan prognozlash, budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishda sun’iy intellektning o‘rni muhim ekani qayd etildi. Bu esa qaror qabul qilish jarayonlarida inson omilni kamaytirish, korrupsiya xavfini qisqartirish va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida raqamli transformatsiyani tizimli yo‘lga qo‘yish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq taklif va vazifalar belgilab olindi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mazkur izchil chora-tadbirlar Do‘stlik tumanida samarali, shaffof va zamonaviy davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishga xizmat qilib, hududning raqamli rivojlanishiga yangi sur’at bag‘ishlaydi.
