KORRUPSIYA – TARAQQIYOT YO‘LIGA TO‘SIQ
2025-11-24 08:00:00 / Yangiliklar

So‘zimizning isboti o‘laroq, bu borada BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish o‘z murojaatida quyidagicha ta’kidlaydi: “Korrupsiya jinoyat, axloqsizlik va ijtimoiy ishonchga nisbatan qilingan eng razil xiyonatdir”.
Korrupsiya jamiyatni turli xil yo‘llar bilan iskanjaga soladigan razil illatdir. Ushbu zararli illatga chek qo‘yish bo‘yicha dunyo hamjamiyati tomonidan tizimli choralar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hali hanuz uni batamom bartaraf etish global muammo bo‘lib qolmoqda.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish choralari qay darajada?
O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yo‘lida doimiy ravishda chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. O‘zbekistonda keyingi besh yillikda amalga oshiriladigan islohotlarning muhim siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida davlat xizmatida korrupsiya omillarini bartaraf etish, kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va mol-mulklarini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish, aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish, normativ-huquqiy hujjatlarning “korrupsiyadan holi qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilishi ta’minlash singari ustuvor vazifalar qat’iy belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
2025-yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Mazkur yig‘ilishda mamlakatimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga baho berilib, kelgusidagi vazifalar belgilandi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan muhim tashabbus ilgari surildi. Unga ko‘ra, korrupsiyaning, ayniqsa, maishiy korrupsiyani ofis yoki xonalardan emas, balki joylarga – mahallalarga chiqib, odamlarning muammolarini eshitib aniqlash zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, muammolarni hal etish bo‘yicha takliflarni aholining fikrlari asosida quyidan shakllantirish lozimligi alohida ko‘rsatib o‘tildi. Milliy kengash yig‘ilishida davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari va nodavlat tashkilotlariga murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa va har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanligini, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerakligini alohida qayd etgan edilar. Davlatimiz rahbari tomonidan Milliy kengash yig‘ilishida: “Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiyadir. Buni dunyo tajribasi ham tasdiqlaydi. Korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani bu global xavf ekanidan dalolat.
O‘tkan yillar mobaynida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, 2024-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashga qaratilgan 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. 2024-yilning 5-iyul sanasida qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil
21-iyun sanasidagi PQ-228-sonli qarori asosida “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” tashkil etilganligi shular jumlasidandir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza haqida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi va “Korrupsiyaga qarshi to‘g‘risida”gi Qonunning 81-moddasida belgilangan normalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza (2024-yil) ma’lumotlariga ham to‘xtalib o‘tishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Milliy ma’ruzada mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlar va kompleks chora-tadbirlar, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturlarining ijrosi, sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaga oid jinoyatchilik tendensiyasi, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaning oldini olishdagi faoliyati boʻyicha atroflicha ma’lumotlar berilgan.
Xususan, unda ta’kidlanishicha, 2024-yilda respublika boʻyicha sudlar tomonidan jami 4 649 ta jinoyat ishi boʻyicha 7 354 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 1 525 nafari yoki 20 foiziga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga jami 2 trln 812 mlrd soʻm miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlandi. 2024 yilda 123 ta holatda ishga joylashish hamda 292 ta holatda bank kreditlarini ajratish, 640 ta holatda byudjet mablagʻidan foydalanish bilan bogʻliq korrupsiyaga oid jinoyatlar aniqlangan.
Milliy ma’ruzada keltirilishicha, “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2024-yil yakunlari boʻyicha Korrupsiyani qabul qilish indeksida Oʻzbekiston 180 ta davlat orasida 32 ball bilan 121-oʻrinni egalladi, oʻtgan 2023-yilga nisbatan 1 ballga (2023-yilda 33 ball bilan 121-oʻrin) kamaygan holda egallangan oʻrnimiz oʻzgarishsiz qolgan, lekin soʻnggi yetti yilga solishtirganda esa – 37 pogʻona yuqorilagan.
Korrupsiyaga qarshi kurashda ilmiy yondashuv
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan yuqoridagi ma’lumotlarda ko‘rsatilgan raqamlar bu boradagi kurashni yanada kuchaytirish lozimligidan dalolat beradi. Bugungi kunda Prezidentimiz nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashishda, balki barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning poydevori ilmga asoslanmog‘i zarurligini alohida ta’kidlab kelmoqdalar. Davlatimiz rahbari bir necha bor qayd etganidek, agar faoliyatimiz chuqur ilmiy tahlil va asosga ega bo‘lmasa, hech bir islohot kutilgan natijani bermaydi. Shu bois har qanday yangilanish va o‘zgarish avvalo ilmga tayangan holda amalga oshirilishi lozim. Afsuski, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida eng dolzarb masalalarni chuqur tahlil qiluvchi kompleks sotsiologik, ilmiy va amaliy tadqiqotlar hali hanuz tizimli asosda yo‘lga qo‘yilmagan. Holbuki, korrupsiyaning ildiziga yetib borish, uning sabablari va oqibatlarini aniqlash, shuningdek, samarali choralarni ishlab chiqish aynan ilmiy izlanishlarga tayanishni talab etadi.
2025-yil 19-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-288-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat sohadagi yondashuvni tubdan yangilash, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishni ilmiy asosda tashkil etish, fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirish va ilmiy izlanishlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratishni ko‘zda tutadi. Eng e’tiborlisi shundaki, mazkur qarorda bevosita joylardagi, ya’ni aholining kundalik hayotida eng ko‘p duch kelayotgan muammolar mavjud bo‘lgan hududlar va sohalarda korrupsiyaviy omillarning oldini olish bo‘yicha aniq, amaliy yechimlar belgilab berilgan. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat markaziy darajadagi, balki mahalliy muammolarni ham ilmiy asosda hal etish zaruratini anglatadi. Mazkur qaror asosida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha zamonaviy standartlar va ilmiy yondoshuvga asoslangan tadqiqotlar, soʻrovlar, tahlillar hamda tavsiyalar ishlab chiqish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xulosa qiladigan bo‘lsak, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yo‘lida amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar mamlakatimizda korrupsiyaga nisbatan toqatsiz muhit yaratilishida, bu borada qat’iy jamoatchilik nazoratining oʻrnatilishiga, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlariga keng jamoatchilikni jalb etishga, barcha sohalarda korrupsiya omillarini bartaraf qilishning zamonaviy hamda ilmiy yondoshuvlarga tayangan yechimlarni ishlab chiqishga, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga, eng muhimi – insonlarning ogʻirini yengil qilish orqali bugungi islohotlarga, kelajakka boʻlgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.
Hamid AKMALOV
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi xodimi,
Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti.
