Jizzax shahrida Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazildi
2025-11-16 14:00:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbirlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Yangi O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” davlat dasturi talablariga muvofiq amalga oshirildi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Sahobiddin Boliyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan asosiy tadbirda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, mamlakatda tinchlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasidagi islohotlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston 130 dan ortiq millat va elat vakillari jam bo‘lib yashaydigan ko‘pmillatli mamlakat bo‘lib, Jizzax viloyatida ham 20 dan ziyod millat vakillarining 150 mingdan ortiq fuqarolari istiqomat qiladi. Shaharda qirg‘iz, tojik, qozoq, rus, tatar va koreys milliy madaniy markazlari uchun “Do‘stlik uyi”da zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Viloyatda 6 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritadi, 23 ta gazeta va 3 ta jurnal turli millatlar tillarida chop etiladi, 4 ta xorijiy tilda (rus, qozoq, qirg‘iz, tojik) ta’lim beriladigan maktablar mavjud hamda 10 ta noislomiy diniy tashkilot va 172 ta masjid faoliyat ko‘rsatmoqda.
So‘nggi besh yilda mamlakatda millatlararo munosabatlar va diniy bag‘rikenglik borasida 50 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani, xorijiy hamjamiyat tomonidan O‘zbekiston tajribasi yuqori baholanayotgani qayd etildi.
Mamlakatimiz yetakchisining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining qabul qilinishi, 193 davlatdan 169 tasi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani ham alohida ta’kidlab o‘tildi.
Joriy yilda Jizzax viloyatida Xotira xiyobonida turli millat vakillari ishtirokida gul qo‘yish marosimi, “O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor va biz — bir bayroq ostidagi hamjihat elmiz” mavzusida matbuot anjumani, Milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda “Do‘stlik bog‘i”da 500 dan ortiq daraxt ekish aksiyasi va Viloyat kutubxonasida “Bag‘rikenglik festivali” va adabiy-ma’rifiy kechalar qatar tadbirlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar ishtirokida 70 dan ortiq davra suhbatlari tashkil etildi. Milliy madaniy markazlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat grantlari va subsidiyalar ajratildi.
“Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida Jizzax shahridagi “O‘rda ekologik bog‘i”ga kirishdagi asosiy ko‘chaga “O‘zbekiston madaniy boyligi” nomi berildi. Ushbu yo‘nalish mamlakatning barcha viloyatlarida joriy etilayotgani, ko‘chayda kelgusida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, festivallar va ko‘rgazmalar o‘tkazilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Tantanali marosimda millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, yoshlarda bag‘rikenglik va ehtirom tuyg‘ularini kuchaytirish bu tashabbusning asosiy maqsadlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Bugungi kunda Jizzax viloyatida millatlararo do‘stlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va totuvlik muhiti yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng islohotlar inson qadrini ulug‘lash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Jizzaxda tashkil etilgan “O‘zbekiston madaniy boyligi” ko‘chasi esa xalqlar do‘stligining ramzi sifatida, kelajak avlodlar uchun hamjihatlik va birdamlikning muqim timsoli bo‘lib qoladi.





