Maslahatchi musahhih emas, ammo…
2026-04-02 14:35:00 / Yangiliklar
O‘z qadrini bilgan har bir xalq, avvalo, o‘z tili, dini, madaniyatini hurmat qiladi. O‘z tilini hurmat qilish esa ona tilida to‘g‘ri so‘zlash va to‘g‘ri yozishda namoyon bo‘ladi. Ming afsuslar bo‘lsinkim, hozirgi kunda ko‘pchiligimiz ona tilimizda na to‘g‘ri gapira olamiz va na to‘g‘ri yoza olamiz. Bunga hatto harakat qilib ham ko‘rmaymiz. Tilimizga, qolaversa, millatimizga bo‘lgan e’tiborimiz shu darajada pastmi? Nega biz o‘z ona tilimizning buzilishiga loqaydlarcha munosabatda bo‘lyapmiz? Atoqli adibimiz Abdulla Qahhor aytganidek, nega ko‘cha qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chalayapti-yui, butun boshli tilni buzayotganlarga hech kim hushtak chalmayapti?
Shu fikrlar aytilishi bilanoq darrov “Xo‘sh, bunga kim aybdor?” deya aybdorni qidira ketamiz, goh o‘qituvchini, goh yana kimnidir aybdor qilamiz va … yana hammasini unutamiz. Aslida bizning xatomiz ham shunda emasmi? Bunga o‘qituvchi aybdormi yoki boshqami, masala bunda emas-ku. Masala bu kamchilikni qay tarzda bartaraf qilishda emasmi, axir?
Bundan bir necha yillar oldin Davlat tilini rivojlantirish departamentining til.gov.uz saytida e’lon qilingan Favqulodda vaziyatlar vaziri maslahatchisi Bahodir Valiyevning “Maslahatchi musahhih emas” maqolasini o‘qib qoldim. Muallif maqolada ko‘targan masala haqiqatdan kishini o‘ylantiradi, lekin maqoladagi barcha fikrlarga qo‘shilib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, maslahatchining vazifasi musahhihlik qilish emas, lekin hozirgi paytda davlat xizmatida ishlayotgan mutaxassislarning 70-80 foizining savodxonligi “ana xolos” emasligini hisobga olsak, maslahatchining musahhihlikni o‘z zimmasiga olmaslikdan boshqa iloji yo‘qligi kundek ravshan bo‘ladi. Hozirgi paytdagi davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o‘z ishlarining ustalari hisoblanadi, shu sabab savodxonligi past deb ularning xizmatidan voz kechib ham bo‘lmaydi, axir.
Xo‘sh, bunday vaziyatda qanday yo‘l tutgan ma’qul?
Biz bu borada ikki xil taklifni ilgari surmoqchimiz:
1. Agar tarixga nazar soladigan bo‘lsak, xonliklar davrida ham davlat hujjatlarining yuritilishiga katta e’tibor bilan qaralganligini ko‘rish mumkin. Saroylarda mirza lavozimi bo‘lgan, ularning boshlig‘i mirzaboshi hukumatdagi eng e’tiborli shaxs bo‘lgan. Barcha hujjatlar shu mirzalar tomonidan tayyorlangan. Shu tariqa hujjatlarning nuqsonsiz yozilishiga erishilgan.
Hozirgi paytda hokimiyatda har bir sohada bosh mutaxassis, yetakchi mutaxassis, mutaxassis, kotib(a) kabi lavozimlar borligini ko‘rishimiz mumkin. Shularning o‘rniga mutaxassisligi filolog bo‘lgan mirza(kotib)lardan iborat bo‘lim shakllantirilsa va ular maslahatchi boshchiligida bosh mutaxassis tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlar asosida hujjat tayyorlab bersa, bizningcha, hujjatlar bexato yozilgan bo‘lardi. Chunki ma’lumotlar aniq bo‘lsa, bu ma’lumotlar asosida hujjat tayyorlash filolog uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi.
2. Agar Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanini sinchiklab o‘rgansak, unda Anvarning davlat xizmatiga kirishdan oldin bir yil maoshsiz tajriba orttirganligi, mirzalarning hujjatlarni yuritishiga alohida ahamiyat berilganligi, Xudoyorxonga ham Anvarning aynan xat yozish uslubi (!) yoqqanligini ko‘rishimiz mumkin.
Shuningdek, Janubiy Koreya kinoijodkorlarining tarixiy seriallarida ham davlat xizmatiga olinayotgan shaxslar avval imtihondan o‘tkazilayotganligining, imtihonda nomzodning savodxonligiga ham alohida e’tibor qaratilayotganligining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Xo‘sh, nega hozir shu usulni joriy qilish mumkin emas? Nega hozir davlat xizmatiga olinayotgan shaxslarga alohida talablar qo‘yilmayapti?
Abdulla Qodiriy o‘zining yana bir mashhur asari “Oʻtgan kunlar” romanida “moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir”, deydi. Biz ham moziyga qaytib ish ko‘rib, davlat xizmatiga kirayotgan shaxslarni savodxonligi bo‘yicha imtihon qilib ishga olsak, maslahatchining musahhihlik qilishiga hojat qolmasdi.
Maslahatchi musahhih emas, ammo hujjatlarning to‘g‘ri yuritilishiga maslahatchi mas’ulligini, davlat xizmatchilarining savodxonligi talab darajasida emasligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, hozircha maslahatchi musahhihlik qilishga majbur. Lekin u quruq musahhihlik qilish bilan cheklanmasligi, har safar xizmatchiga xatolarini ko‘rsatayotganida bu xatolarni qanday to‘g‘rilashi lozimligini tushuntirishi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi shart. Davlat xizmatchilarining savodxonligini oshirish, ularning hujjatlarni to‘g‘ri yuritishini ta’minlash maqsadida ular bilan ishlashi, seminarlar, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilishi lozim. Davlat xizmatchisi xatolarni to‘g‘rilash maslahatchining ishi desa, maslahatchi men musahhih emasman, har bir xodim o‘z xatosini o‘zi to‘g‘rilasin desa, bu boradagi ishlarimiz oldinga siljishi dargumon. Yuqoridagi maqola muallifi ta’kidlaganidek, barcha “davlat tilida ish yuritish yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib, o‘zaro yakdil jamoa bo‘lgan holda o‘z ustida ishlashi va birgalikda samarali natijaga erishishi kerak”.
Gurlan tumani
hokimi maslahatchisi Sh. Xaytimmetov
