YUNESKO konferensiyasi: globallashuv davrida madaniy meros obyektlarini asrash va rivojlantirish tashabbuslari
2025-11-03 15:00:00 / Yangiliklar

Global iqlim o‘zgarishlari nafaqat mamlakatlar iqtisodiyoti va ijtimoiy-siyosiy hayotiga, balki tabiiy landshaftlar hamda madaniy meros ob’yektlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois tarixiy obidalarni asrash va avloddan-avlodga yetkazishda davlat hamda jamiyatning roli beqiyos ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston bu yo‘nalishda muhim yutuqlarga erishmoqda. Davlat rahbarining tarixiy merosni muhofaza qilish va rivojlantirishga qaratilgan farmon hamda qarorlari, ularning ijrosini ta’minlashga xizmat qilayotgan dasturlar, shuningdek YUNESKO bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar buning yorqin misolidir. Ushbu tadbirlar orqali obidalarni tiklash, ularni xalqaro miqyosda targ‘ib etish va kelajak avlodga yetkazish imkoniyati yaratilmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud bo‘lib, ularning katta qismi XIX–XX asrlarga oid. Tarixiy yodgorliklar atrofidagi ekologik muhitni muhofaza qilish, ularga zarar yetkazmaslik va doimiy monitoringni yo‘lga qo‘yish bu ob’yektlarni barqaror saqlash imkonini beradi.
Globallashuv sharoitida O‘zbekiston mintaqaning ekologik jihatdan zaif hududida jadal taraqqiyot bosqichini o‘tmoqda. Bu jarayon madaniy merosni asrash borasidagi tizimli va maqsadli ishlar orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni muhofaza qilish borasida o‘zaro hamkorlik tashabbuslarini ilgari surdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida shunday dedi:
“Atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashib, “yashil” dasturlarni samarali tatbiq etayotgan shaharlarni rag‘batlantirish maqsadida “YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari surish taklifini bildiramiz. Shuningdek, YUNESKO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha choralarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish tarafdorimiz. Mazkur masala bo‘yicha Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyormiz”.
Bu tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon hamjamiyati uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki mamlakatimiz tomonidan ilgari surilayotgan g‘oyalar xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlanmoqda va keng e’tirof etilmoqda.
Shuningdek, 31-oktabr kuni Samarqanddagi “Boqiy shahar” majmuasi hududida 1,2 gektar maydonga 564 tup daraxt va butalar ekilib, yangi “Yashil bog‘” barpo etildi. U “Silk Road Samarkand” turistik markazi yaqinida, Zarafshon daryosi sohilida joylashgan bo‘lib, dam olish, ma’rifat va xalqaro do‘stlik ramziga aylanishi ko‘zda tutilgan.
“Yashil bog‘” shunchaki ko‘kalamzor emas — u zamonaviy ekologik innovatsiyalar markazi sifatida tashkil etilmoqda. Bu yerda suvni tejaydigan tomchilatib sug‘orish tizimlari, quyosh panellari, energiya tejovchi nasoslar, yomg‘ir suvini yig‘ish va qayta foydalanish tizimlari joriy etiladi. Yo‘lak va o‘rindiqlar mahalliy tabiiy materiallardan tayyorlanib, shahar muhitidagi haroratni pasaytirishga xizmat qiladi.
YUNESKOning 80-yilligi munosabati bilan mamlakat bo‘ylab ramziy ma’noda 80 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi ham rejalashtirilgan. Bu tashabbus shaharlar ko‘rkini oshirish bilan birga, ekologik muvozanatni saqlashga ham xizmat qiladi.
“Yashil bog‘” loyihasi YUNESKO qadriyatlariga hamohang holda O‘zbekistonning ekologik yetakchiligi, madaniy boyligi va global hamjihatlikka sodiqligini namoyon etadi. U Samarqand va mamlakatimiz uchun barqaror rivojlanishning tirik ramzi — kelajak avlodlar uchun sof havo, go‘zal tabiat va ma’naviy makon sifatida xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, qari va doimo navqiron Samarqand shahrida o‘tayotgan YUNESKO konferensiyasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa davlatlarining barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Islom XUSHVAQTOV,
Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori maslahatchisi









