Monopoliya va uning iqtisodiy rivojlanishga ta’siri
2025-08-26 14:30:00 / Yangiliklar

Davlat ekologik ekspertizasi markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda kun tartibidagi muhim masalalardan biri monopoliyaga qarshi qonunchilik va uning ijrosiga bag‘ishlandi. Markaz Ichki nazorat xizmati bosh mutaxassisi R.Tashpulatov ta’kidlaganidek, monopoliyaning iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sirini chuqur o‘rganish hamda unga qarshi samarali mexanizmlarni qo‘llash bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Monopoliya xo‘jalik faoliyatining ma’lum bir sohasida yakka subyekt yoki shaxslar guruhining hukmron mavqega ega bo‘lishi, bozorni to‘liq nazorat qilishi bilan xarakterlanadi. Natijada raqobat cheklanadi, iste’molchilar tanlov imkoniyatidan mahrum bo‘ladi, bozor mexanizmlarida muvozanat buziladi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, monopoliyaning asosiy salbiy oqibatlari quyidagilar hisoblanadi:
1. Resurslarning oqilona taqsimlanmasligi – iqtisodiy samaradorlik pasayadi.
2. Daromadlar tengsizligining ortishi – ijtimoiy tabaqalanish kuchayadi.
3. Innovatsion rivojlanishning sekinlashuvi – fan-texnika taraqqiyoti to‘xtab qoladi.
4. Demokratik tamoyillarning cheklanishi – iqtisodiy hukmronlik ijtimoiy va siyosiy sohalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni monopoliyaga qarshi siyosatning asosiy huquqiy manbai hisoblanadi. Ushbu qonun bozor subyektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, bozordagi adolatli o‘yin qoidalarini belgilashga xizmat qiladi.
Qonun talablari quyidagilarni nazarda tutadi:
• xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozordagi ustun mavqeini suiiste’mol qilishini cheklash;
• kartel kelishuvlari va narxlarni sun’iy belgilash kabi g‘ayriqonuniy bitimlarning oldini olish;
• davlat organlari tomonidan raqobatni cheklovchi qarorlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik;
• tabiiy monopoliyalar faoliyatini aniq tartibga solish.
Yig‘ilishda bildirilgan fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, monopoliyaga qarshi qonunchilikka amal qilish nafaqat iqtisodiy barqarorlikni, balki jamiyatda adolat, shaffoflik va ishonch muhitini ta’minlash uchun ham muhimdir. Monopoliyaga qarshi kurash bozor iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlaydi, innovatsiyalarni rag‘batlantiradi va aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlaydi.
Shu bois, davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi monopoliyaga qarshi siyosatning samarali amalga oshirilishi uchun zaruriy shartdir.

