Rasmiy munosabat
2025-08-18 12:00:00 / Yangiliklar

Yuqoridagi xabarlarga nisbatan aniqlik kiritish maqsadida Davlat ekologik ekspertizasi markazi quyidagilarni maʼlum qiladi:
— “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan ishlab chiqilgan “Samarqand–Urgut” elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishi loyihasi yuzasidan 2025 yil 24-iyulda Davlat ekologik ekspertizasining 01-02/01-4994-sonli ijobiy xulosasi olingan. Unga ko‘ra, loyihalashtirilgan trassa “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i hududidan o‘tmaydi, balki Zarafshon daryosi yo‘nalishi bo‘ylab joylashgan. Temir yo‘l chizig‘ining o‘qidan milliy bog‘ chegarasigacha bo‘lgan eng yaqin masofa 400 metrni tashkil etadi;
— Loyiha ishlab chiqish jarayonida Zarafshon daryosining gidrologik xususiyatlari, noyob tabiiy majmualarning joylashuvi hamda mahalliy aholi manfaatlari inobatga olingan. Bioxilma-xillikni asrab qolish maqsadida yovvoyi hayvonlarning xavfsiz migratsiyasini ta'minlaydigan kamida 2 ta maxsus o‘tish joyi (ko‘prik) qurilishi ko‘zda tutilgan;
— Buxoro kiyigi (Hongul)lar uchun to‘laqonli migratsiya yo‘lagini yaratish tashabbusi hukumat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirgi vaqtda ilmiy tashkilotlar ishtirokida qo‘shimcha tadqiqotlar va kelishuv ishlari olib borilmoqda;
— Shaffoflikni ta'minlash va jamoatchilik fikrini inobatga olish maqsadida mahalliy davlat organlari, mahalla faollari va fuqarolar ishtirokida jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilgan;
— Qurilish ishlari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi ekologik, tabiatni muhofaza qilish va boshqa qonunchilik normalariga qat'iy muvofiqlikda amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, vakolatli vazirlik va idoralar “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i ekotizimiga bo‘lishi mumkin bo‘lgan ta'sirni minimallashtirish va oldini olish maqsadida temir yo‘l qurilishi jarayonini doimiy ravishda monitoring qilib bormoqda.
