Markaziy Osiyo davlatlari Orxus markazlari faoliyatidagi hamkorlik muhokama etilmoqda
2025-07-21 14:10:00 / Yangiliklar

Shu kunlarda Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida Orxus markazlari faoliyati bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda. Ushbu xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi nomidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Davlat ekologik ekspertiza markazi xodimlari faol ishtirok etmoqda.
Ma'lumki, joriy yilda O‘zbekiston Orxus konventsiyasiga qo‘shilish orqali mazkur xalqaro shartnomaning to‘la huquqli ishtirokchisiga aylandi. Endigi bosqichda mamlakat konvensiya doirasidagi majburiyatlarni bajarishni ta’minlashi, shu jumladan, Orxus markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishi lozim. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu markazlarning huquqiy asoslarini ishlab chiqishni talab etadi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston uchun Orxus markazlari faoliyati yuzasidan tajriba almashish va amaliy yechimlarni o‘rganish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, Tojikiston va Qirg‘iziston ushbu yo‘nalishda boy hamda ilg‘or tajribaga ega davlatlar sirasiga kiradi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar keyinroq taqdim etiladi.

