Andijon viloyatidagi korxonalarda jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
2024-05-03 12:05:00 / Jamoatchilik eshituvlari

Tadbirda Davlat ekologik ekspertizasi markazining Andijon viloyati filiali mutaxassislari, Andijon viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektori, mahalla raisi hamda korxonalarga yaqin hududda istiqomat qiluvchi aholi vakillari ishtirok etishdi.
Jamoatchilik eshituvlari Andijon shahrining Amir Temur ko‘chasida joylashgan “SOF SALAFAN PAKET” MCHJda, “ANDIJON BIOKIMYO ZAVODI” AJ hududida, Izboskan tumanida joylashgan “MASIS O‘RME” MCHJga qarashli “Trikotaj mahsulotlarini bo‘yash va oqartirish sexini kengaytirish” korxonasida va viloyatning Paxtaobod tumanidagi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atrof muhitga ta’sirini baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq jamoatchilik eshituvini o‘tkazish tartibi, buyurtmachi tomonidan ishlab chiqilgan loyihaning atrof-muhitga ta’siri va ularning huquqlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Muhokamalar davomida obyektlarning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida barcha ishtirokchilar ishlab chiqarish korxonalaridagi sharoitlar bilan tanishdi. Tadbir qatnashchilari korxona va ishlab chiqarish sexlarining faoliyati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mas’ullardan atroflicha ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Loyihani ro‘yobga chiqarish masalasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan ovoz berildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra ishtirokchilar loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
