"Yashil makon": har bir mahallaning yashil xaritasi ishlab chiqiladi
2026-09-22 15:00:00 / Yangiliklar

Unda ko‘chat ekish bilan birga, ularning yashovchanligi, sug‘orilishi va parvarishiga ustuvor e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Kelgusida ko‘kalamzorlashtirish ishlari har bir hududning iqlimi va tuproq sharoitidan kelib chiqib tashkil etiladi. Issiqlik, sovuq va suv tanqisligiga chidamli, mahalliy sharoitga mos daraxt turlarini tanlash, ekish muddatlarini ilmiy tavsiyalar asosida belgilash hamda ko‘chatlarni kamida uch yil parvarishlash nazarda tutilmoqda. Ekilgan daraxtlarning holati 1, 3 va 5 yildan keyin baholanadi.
Har bir mahalla uchun “yashil xarita” ishlab chiqilib, unda ko‘chat turi, ekiladigan joy va sug‘orish tizimi aks ettiriladi. Mahallalarga o‘rmonchi-murabbiylar biriktirilib, aholiga ko‘chat ekish va parvarishlashni o‘rgatish, jamoat bog‘lari va kichik daraxtzorlar barpo etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mahallalarning yashil maydonlar, daraxtlarning yashovchanligi va aholining ishtiroki kabi mezonlar asosidagi “yashil reytingi” joriy etilishi taklif qilindi.
Ko‘kalamzorlashtirishda “3-30-300” tamoyili asosida yondashuvlar ham tatbiq etiladi. Bunda har bir inson kamida uchta daraxtni ko‘ra olishi, yashash hududining kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplanishi va uyidan 300 metr masofada yashil dam olish hududi bo‘lishi ko‘zda tutiladi. Yangihayot, Olot va Urgutda ushbu yondashuvlar asosida namunaviy loyihalar ishlab chiqilgan.
Loyihaning ilmiy va texnologik ta’minoti ham kuchaytiriladi. “In-vitro” laboratoriyalari va zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etish, suvni ko‘p talab qiladigan gazonlarni qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar bilan almashtirish, shuningdek, “Yashil AI” modulini joriy etish rejalashtirilgan. Sun’iy intellekt orqali tuproq, iqlim va suv ta’minoti tahlil qilinib, daraxt ekish uchun maqbul joy va turlar bo‘yicha tavsiyalar beriladi, ko‘chatlarning qurishi hamda kasallik va zararkunandalar xavfi erta aniqlanadi.



