Tadbirkorlar bilan ekologik masalalar muhokama qilindi
2026-09-21 14:10:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida atmosfera havosini muhofaza qilish, uni zararli tashlamalardan asrash, davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tartibi, shuningdek, davlat va jamoat ekologik ekspertizasini o‘tkazishda tomonlarning huquq va majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Xususan, Davlat Ekologik ekspertizasi markazi mutaxassislari tadbirkorlarga ekologik ekspertiza jarayonidagi talablar, ularni amalga oshirish tartibi hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalarni berdi.
Shu bilan birga, uchrashuv tadbirkorlarning o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan bevosita murojaat qilishi uchun ham imkoniyat yaratdi. Ular tomonidan bildirilgan savol, taklif va murojaatlar mas’ullar ishtirokida joyida muhokama qilinib, qo‘shimcha o‘rganishni talab etuvchi masalalar tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarga yo‘naltirildi.
Shu tariqa, ochiq muloqot davomida nafaqat tadbirkorlarning ekologik sohadagi muammo va takliflari o‘rganildi, balki ularga amaldagi talablarni to‘g‘ri qo‘llash, ekologik xavflarning oldini olish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi.








