Ekologik talablar bajarilishi monitoring qilindi
2026-09-14 18:30:00 / Yangiliklar

Davlat ekologik ekspertizasi markazi Samarqand viloyati filiali xodimi tomonidan obyekt joyiga chiqib o‘rganish davomida ekologik ekspertiza xulosasida belgilangan ekologik talab va shartlarning bajarilishi holati ko‘rib chiqildi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, ekologik ekspertiza xulosasidagi talab va shartlarning barchasi belgilangan tartibda bajarilgani aniqlandi.
Shuningdek, Samarqand viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining Samarqand shahar inspeksiyasi tomonidan ham mazkur obyekt faoliyati joyiga chiqib o‘rganilgan. O‘rganish natijalari tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan bo‘lib, unda obyekt faoliyati davomida ekologik talab va me’yorlarga rioya etilayotgani, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilgani qayd etilgan.
Obyekt faoliyati davomida atmosfera havosi, suv resurslari, tuproq qoplami, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishga qaratilgan zarur choralar ko‘rilgan. Maishiy va tibbiy chiqindilarni alohida yig‘ish, vaqtincha saqlash va belgilangan tartibda olib chiqib ketish ishlari tegishli litsenziyaga ega tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, oqova suvlarni me’yoriy talablarga muvofiq boshqarish, chang-gaz tashlamalarini kamaytirish, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, mavjud daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda tabiiy muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan tashkiliy va texnik chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, obyektni qurish va undan foydalanish jarayonida amaldagi ekologik, sanitariya-gigiyena, shaharsozlik, yong‘in xavfsizligi hamda boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilayotgani aniqlandi.


