Toshkent IESda ekologik monitoring va gaz tozalash tizimi o‘rganildi
2026-09-11 17:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 10-sentabr kuni Davlat ekologik ekspertiza markazi va Qozog‘iston Respublikasining «Yashil texnologiyalar va investitsiya loyihalari xalqaro markazi» AJ vakillaridan iborat delegatsiya Toshkent IESga tashrif buyurdi.
Tashrif eng yaxshi qulay texnikalarni joriy etish sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma Yo‘l xaritasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish hamda eng yaxshi qulay texnikalarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihaning keyingi bosqichlarini belgilash doirasida tashkil etildi.
Qozog‘iston tomonidan tadbirda Eng yaxshi qulay texnikalar byurosi rahbari, boshqaruv direktori K.B. Masenov va Monitoring, tahlil va kompleks ekologik ruxsatnomalar boshqarmasi rahbari Abilayxon Talg‘atov ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan esa Davlat ekologik ekspertiza markazi bosh direktorining o‘rinbosari V.V. Shi-syan hamda eng yaxshi qulay texnikalarni joriy etish va davlat ekologik ekspertizasi yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi mutaxassislar qatnashdi.
Tashrif davomida mutaxassislar Toshkent IESning asosiy ishlab chiqarish jarayonlari, ekologik nazorat tizimi, atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqaruvchi manbalar hamda atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga qaratilgan texnik yechimlarni o‘rgandilar.
Ayniqsa, chiqindilarni avtomatik monitoring qilish tizimiga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislarga o‘rnatilgan uskunalar, chiqib ketayotgan gazlar parametrlarini uzluksiz nazorat qilish jarayoni, monitoring ma’lumotlarini olish va qayta ishlash tartibi namoyish etildi.
Shuningdek, delegatsiya IESda o‘rnatilgan chang-gaz tozalash uskunalarini bevosita ko‘zdan kechirdi. Korxona mutaxassislari uskunalarning ishlash prinsipi, konstruktiv xususiyatlari, texnik imkoniyatlari, unumdorligi va chiqib ketayotgan gazlarni tozalash samaradorligi haqida ma’lumot berdilar.
Muloqotlar davomida uskunalarning texnik holati va ekspluatatsiya rejimlari, filtrlarga xizmat ko‘rsatish, tozalash samaradorligini instrumental tasdiqlash, shuningdek, korxonalarning eng yaxshi qulay texnikalar tamoyillariga muvofiqligini baholashda texnologik va ekologik ko‘rsatkichlardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Amaliy tashrif texnologik jarayon, chiqindilarni tozalash tizimi va avtomatik monitoring o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniq ishlab chiqarish obyekti misolida o‘rganish imkonini berdi. Bu eng yaxshi qulay texnikalar asosida ekologik tartibga solishning zamonaviy tizimini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Qozog‘istonlik mutaxassislar korxonalarda kompleks texnologik audit o‘tkazish, sohaviy ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish, eng yaxshi qulay texnikalar bo‘yicha ma’lumotnomalar ishlab chiqish hamda sanoat tarmoqlari uchun texnologik ko‘rsatkichlarni belgilash bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Toshkent IESga tashrif O‘zbekistonda eng yaxshi qulay texnikalar tizimini shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning navbatdagi bosqichi bo‘ldi.
Tashrif davomida olingan tajriba korxonalarni texnologik o‘rganish metodologiyasini takomillashtirish, sohaviy eng yaxshi qulay texnikalar bo‘yicha ma’lumotnomalar ishlab chiqish va ekologik tartibga solish mexanizmlarini raqamlashtirish jarayonlarida inobatga olinadi.





