Muzeylarga tashrif: tarix, maʼrifat va taassurot
2026-09-08 15:40:00 / Yangiliklar

Sayohat davomida xodimlar va ularning oila-a'zolari Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lib, buyuk sohibqiron Amir Temur va temuriylar davriga oid tarixiy qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar hamda noyob madaniy meros namunalari bilan yaqindan tanishdi. Muzeydagi ekspozitsiyalar orqali temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat, meʼmorchilik va davlat boshqaruvi sohalarida erishilgan yuksak natijalar haqida qimmatli maʼlumotlarga ega bo‘ldi.
“G‘alaba” bog‘idagi Shon-sharaf davlat muzeyida bo'lib, u yerda saqlanayotgan tarixiy hujjatlar, eksponatlar va xalqimizning jasorati, matonati hamda Vatan himoyasi yo‘lidagi fidokorligi haqida hikoya qiluvchi materiallar ko'zdan kechirildi. Muzey ekspozitsiyalari orqali yurtimiz tarixidagi muhim voqealar va ajdodlarimizning jasoratli hayot yo‘li haqida maʼlumotlar olindi.
Shuningdek, markaz xodimlari O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurib, yurtimizning qadimgi davrlardan bugungi kunga qadar bo‘lgan boy va shonli tarixi aks ettirilgan eksponatlarni tomosha qildi. Muzeydagi tarixiy ashyolar, arxeologik topilmalar va milliy qadriyatlarimizga oid ekspozitsiyalar xodimlarda Vatan tarixiga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi.
Toshkent temiryo‘l texnikasi muzeyi ham ziyorat qilindi. U yerda xodimlar temiryo‘l transportining rivojlanish tarixi, turli davrlarga oid lokomotivlar, vagonlar va temiryo‘l texnikasi namunalari bilan tanishdi. Muzey ekspozitsiyalari mamlakatimizda temiryo‘l sohasining shakllanishi va taraqqiyoti haqida keng tasavvur berdi.
Bunday maʼrifiy tadbirlar xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning tarixiy xotirasi, milliy g‘ururi va madaniy dunyoqarashini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.




