O‘zbekiston va Qozog‘iston AES loyihasining ekologik va radiatsiyaviy xavfsizligi masalalarini muhokama qildi
2026-08-21 17:55:00 / Yangiliklar

Muzokaralarda O‘zbekistonning tegishli davlat organlari va tashkilotlari vakillari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Iskandar Alisherovich Qutbiddinov, shuningdek, Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktorining o‘rinbosari V. V. Shi-syan ishtirok etdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish jarayonida ekologik, radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik masalalariga, jumladan, atrof-muhitga ta’sirni baholash (ATB) hamda davlat ekologik ekspertizasi jarayonlariga qaratildi.
Tomonlar obyektning hayotiy siklining barcha bosqichlarida — qurilishdan tortib, stansiyadan foydalanishgacha — uning atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirini baholash yondashuvlarini ko‘rib chiqdilar. Jumladan, atmosfera havosi va suv obyektlarining holati, radiatsiyaviy fon, chiqindilar bilan ishlash, suv resurslaridan foydalanish, ekologik va radiatsiyaviy monitoring, shuningdek, ehtimoliy salbiy ta’sirlarning oldini olish va ularni minimallashtirish choralari muhokama qilindi.
Transchegaraviy ta’sir ehtimoliga alohida e’tibor qaratildi. Ifloslantiruvchi moddalar va radionuklidlarning atmosfera havosi orqali tarqalishini meteorologik sharoitlar, shamolning yo‘nalishi va tezligini hisobga olgan holda baholash yondashuvlari, shuningdek, suv obyektlari va chegaradosh davlatlar hududlariga ehtimoliy ta’sir masalalari ko‘rib chiqildi.
ATB materiallari doirasida radionuklidlarning atmosfera orqali tarqalishi bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish natijalari va yondashuvlari, atrof-muhitning mavjud fon holatini baholash, shuningdek, obyektning normal ishlash rejimlarida va loyihada nazarda tutilgan avariya holatlari ssenariylarida atrof-muhit komponentlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni prognoz qilish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarning alohida qismi ekologik monitoring tizimini tashkil etishga bag‘ishlandi. Radiatsiyaviy vaziyat, atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlari, tuproq holatini kuzatish, shuningdek, atrof-muhit holatidagi ehtimoliy o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beruvchi ekologik axborot almashinuvi tizimini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Davlat ekologik ekspertizasi markazi vakillari Qozog‘iston tomonini O‘zbekistonda AES loyihasini ekologik baholashda qo‘llanilayotgan yondashuvlar, jumladan, atrof-muhitning dastlabki holatini tahlil qilish, ehtimoliy ta’sirni prognoz qilish va ko‘zda tutilgan tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlari haqida xabardor qildi.
Ekologik baholashning muhim tarkibiy qismi ehtimoliy ta’sirning transchegaraviy xususiyatini hisobga olish hamda chegaradosh davlatlar bilan hamkorlik qilish, jumladan, tegishli axborot almashish va ekologik masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishdan iborat.
Tomonlar Markaziy Osiyoda tinch atom energetikasini ekologik xavfsiz va mas’uliyatli tarzda rivojlantirishga qaratilgan muntazam ekspertlik muloqoti va hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.







