Baliqchida parrandalarni qayta ishlash loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
2026-07-20 11:15:00 / Jamoatchilik eshituvlari

Tadbirda Baliqchi tumani hokimligi, Davlat ekologik ekspertizasi markazi Andijon viloyati filiali, tuman ekologiya bo‘limi mutaxassislari, "Savrnavul" MFY raisi, hududdagi tadbirkorlar hamda korxona joylashishi rejalashtirilgan hududga yaqin istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirok etdi.
Eshituv davomida loyiha tashabbuskorlari korxonaning ishlab chiqarish quvvati, zamonaviy texnologik jarayonlari va ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, chiqindilarni boshqarish, oqova suvlarni samarali tozalash, atmosfera havosiga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda amaldagi ekologik me’yor va talablarga qat’iy rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Markazining Andijon viloyati filiali vakillari esa jamoatchilik eshituvining mazmun-mohiyati, ekologik ekspertiza jarayonlari va fuqarolar fikrini qaror qabul qilishda inobatga olish tartibi haqida tushuntirish berdi. Ta’kidlanganidek, bunday ochiq muhokamalar atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilish hamda ekologik xavflarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhokamalar jarayonida aholi vakillari mutaxassislarga savol yo‘llab, loyiha yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi. Savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berilib, ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘riladigan amaliy choralar yuzasidan qo‘shimcha izohlar berildi.
Jamoatchilik eshituvi yakunida mahalla faollari va fuqarolar loyiha yuzasidan ijobiy fikr bildirib, tadbirkorlik faoliyati belgilangan ekologik talablar asosida amalga oshirilishi sharti bilan uni qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qildi.
Mazkur eshituv ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishda davlat organlari, tadbirkorlar va jamoatchilik o‘rtasidagi ochiq muloqot hamda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.



