Sirdaryo viloyatida ekologik nazorat va jamoatchilik ishtiroki kuchaymoqda
2026-07-13 14:55:00 / Jamoatchilik eshituvlari

Monitoring tadbirlari davomida korxonalarga berilgan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida belgilangan talablarning bajarilishi, ishlab chiqarish jarayonlarining ekologik me’yorlarga muvofiqligi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Jumladan, Baxt shahrida faoliyat yuritayotgan “BAXT TEKS FARM” MCHJda ip-kalava, gigroskopik paxta va bog‘lash materiallari ishlab chiqarish faoliyati yuzasidan monitoring o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida korxonada atmosfera havosi, oqova suv va chiqindilar bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalarda belgilangan talablar to‘liq bajarilgani, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinayotgani aniqlandi. Korxonada energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, quyosh panellarini bosqichma-bosqich o‘rnatish, chiqindilarni saralash va ko‘kalamzorlashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Mirzaobod tumani kichik sanoat zonasida joylashgan “GULISTON PLAST PRODUCTION” MCHJda polimer quvurlar ishlab chiqarish faoliyati bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablar ijrosi o‘rganildi. Monitoring natijalariga ko‘ra, korxonada loyiha talab va tavsiyalari bajarilgan, ishlab chiqarish jarayonida toza texnologiyalar qo‘llanilayotgani, quyosh panellari o‘rnatilgani, chiqindi konteynerlari tashkil etilgani hamda hudud obodonlashtirilgani aniqlandi.
Shuningdek, Yangiyer shahridagi “NUR GAZ YANGIYER” MCHJ avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasida ham monitoring o‘tkazildi. Unda davlat ekologik ekspertizasi xulosasida ko‘rsatilgan talablarning bajarilgani, texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinayotgani, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va hududni ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilayotgani qayd etildi.
Ekologik nazorat tadbirlari doirasida Guliston shahridagi “EMRON BIZNES HAMKOR” MCHJga qarashli pardozlash materiallari ishlab chiqarish sexi hamda “Obod yurt” MFY sanoat hududida joylashgan jismoniy shaxsga qarashli toshga ishlov berish sexida o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ekologik hujjatlardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi tekshirildi hamda korxona vakillariga Vazirlar Mahkamasining 541-son qarori talablari asosida davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasisiz faoliyat boshlash mumkin emasligi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va ekologik qonunchilik talablariga rioya etish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi.
Viloyatda yangi loyihalarni amalga oshirishda jamoatchilik fikrini inobatga olishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangiyer shahri Z.M. Bobur nomli mahalla hududida qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Tadbirda Davlat ekologik ekspertizasi markazi Sirdaryo viloyati filiali, viloyat ekologiya boshqarmasi mutaxassislari, mahalla faollari, loyiha tashabbuskori hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Muhokamalar yakunida loyiha atrof-muhitga salbiy ta’siri belgilangan me’yorlardan oshmasligi e’tirof etilib, ishtirokchilarning 100 foiz roziligi bilan ma’qullandi. Bu holat jamoatchilik eshituvi hujjatlarida ham o‘z aksini topgan.
Xuddi shunday, Xovos tumani "Yangiyer" MFY hududida “SIRDARYA CHANGLONG” MCHJ tomonidan qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonasi loyihasi yuzasidan ham jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Eshituv davomida loyiha bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholash ishlari, kam chiqindili va energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, hududni ko‘kalamzorlashtirish hamda chiqindilarni belgilangan tartibda boshqarish masalalari muhokama qilindi. Yakunda loyiha ekologik talablar asosida amalga oshirilishi mumkinligi yuzasidan tavsiya berildi.
Mazkur monitoring va jamoatchilik eshituvlari ishlab chiqarish korxonalarida ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholi ishtirokida ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.




