“Media haftalik”: yilning eng yirik media loyihasi Sirdaryoda
2026-06-19 17:30:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida tashkil etilgan tadbirlar doirasida media va kommunikatsiya sohasida katta tajriba to‘plagan mutaxassislar o‘z faoliyatida sinovdan o‘tgan yondashuvlar, amaliy tajribalar hamda zamonaviy media makonidagi dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar bilan ishtirok etmoqda.
Xususan, Anhor.uz muharriri Bobur Karimov sifatli kontent yaratish, auditoriya bilan samarali muloqot o‘rnatish hamda zamonaviy jurnalistikaning bugungi talablari haqida fikr yuritdi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva davlat organlari faoliyatini yoritishda ochiqlik, tezkorlik va professional kommunikatsiyaning ahamiyati borasidagi amaliy tajribasi haqida so‘z yuritdi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi Axborot xizmati rahbari Shaxzoda Akramova davlat tashkilotlari uchun PR strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish mexanizmlariga to‘xtalib, samarali kommunikatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish, maqsadli auditoriyani aniqlash, axborot siyosatini strategik rejalashtirish hamda zamonaviy PR vositalaridan foydalanish masalalari yuzasidan ma’ruza qildi. Shuningdek, davlat tashkilotlarining jamoatchilik oldidagi ijobiy imijini shakllantirish, axborotni keng jamoatchilikka tezkor va ishonchli yetkazish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Treninglar davomida ishtirokchilar nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirdi, balki soha mutaxassislari bilan ochiq muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish hamda amaliy tavsiyalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
“Media haftalik” Sirdaryoda tajriba almashish, yangi g‘oyalarni muhokama qilish va media sohasi vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiluvchi muhim maydonga aylandi.






