Mamlakatimiz bo‘ylab “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkazilmoqda
2026-06-10 16:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-maydan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazilishi belgilangan. Mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilariga biriktirilgan avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
Ushbu tashabbus avtomobillardan atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdorini kamaytirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda ekologik barqaror muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini keng ommalashtirishga ham ko‘maklashadi.
“Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari fuqarolarni ekologik mas’uliyatni yanada chuqurroq his etishga, kundalik hayotda ekologik toza transport vositalaridan foydalanishga undaydi. Bu esa havo sifatini yaxshilash, shaharlarimizda qulay va sog‘lom muhit yaratish hamda atrof-muhitni asrashga xizmat qiladi.
Yurtdoshlarimizni “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalarida faol ishtirok etishga, jamoat transporti, velosiped va boshqa ekologik toza transport vositalaridan keng foydalanishga chorlaymiz.
Atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, tabiiy resurslarni asrash va yurtimizda sog‘lom ekologik muhitni shakllantirish barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir. Keling, ushbu ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, tabiatni asrashga o‘z hissamizni qo‘shaylik.




