Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar
2026-05-21 15:00:00 / Yangiliklar

Davlat ekologik ekspertizasi markazi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamkorlik tashkil etilgan tadbirda partiya fraksiyasi a’zosi N.Yusupov so‘zga chiqib, milliy istiqlolimizning davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyati, Bosh qomusimizdagi yangilanishlarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik bayramining g‘oyaviy-badiiy mazmunini kuchaytirish, shu orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, istiqlol g‘oyalarini aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirilishi fuqarolarda Vatan taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik hamda mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz o‘z mustaqilligini e’lon qilishi xalqimizning ko‘p asrlik tarixidagi eng burilish yasagan tarixiy voqea bo‘ldi. Suveren davlat sifatida O‘zbekiston o‘z Konstitutsiyasi, davlat ramzlari va milliy valyutasiga ega bo‘ldi. Mustaqillikning dastlabki yillarida davlatchilik asoslarini mustahkamlash, ichki barqarorlik va millatlararo totuvlikni saqlash borasidagi strategik vazifalar muvaffaqiyatli bajarilgani qayd etildi.
Tadbirda 2016-yildan boshlangan yangi rivojlanish bosqichi alohida e’tirof etildi. “Harakatlar strategiyasi” va “Taraqqiyot strategiyasi”dan boshlangan shiddatli islohotlar bugungi kunda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida izchil davom ettirilayotgani qayd etildi. Ushbu strategiyaning markazida “Inson qadri uchun” degan oliy tamoyil turgani va barcha davlat idoralari faoliyati aholi farovonligini oshirishga qaratilgani tushuntirildi.
Qisqa qilib aytganda, mustaqillik yillarida yaratilgan mustahkam poydevor bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rniga va ovoziga ega bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga xizmat qilmoqda.







