Korrupsiyaga qarshi kurash har birimizdan boshlanadi
2026-05-20 16:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda markaz Bosh direktori G‘.Muxamedov, Toshkent shahar prokuraturasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi Katta prokurori Kamola Rahimova hamda Qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash muammolarini tahlil qilish tarmog‘i Katta yordamchisi Xondamir Mirsoatov so‘zga chiqib, bugungi kunda korrupsiyaviy holatlarning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi kurashish eng ustuvor vazifa etib belgilangani, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina sodir etilgan qonunbuzarliklar oqibati bilan kurashish emas, balki uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash hamda tizimli ravishda bartaraf etishdan iborat. Bu jarayonda sohadagi barcha yo‘nalishlarning raqamlashtirilishi va inson omilini maksimal darajada kamaytirish eng ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Tadbirda asosiy e’tibor davlat xizmati va idoraviy faoliyatda yangi joriy etilgan manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish mexanizmlariga qaratildi. Ishtirokchilarga xizmat vazifasini bajarish vaqtida shaxsiy (moddiy yoki ma’naviy) manfaatdorlik va xizmat majburiyatlari o‘rtasida kelib chiqadigan ziddiyatlarni vaqtida bayon qilish tartiblari hamda bu boradagi qonunchilik talablari atroflicha tushuntirib o‘tildi.
Shu bilan birga, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini yuksaltirish, ularda korrupsiyaga nisbatan kuchli shaxsiy immunitetni shakllantirish maqsadida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar va anonim so‘rovnomalarning ijobiy natijalari haqida gapirildi. Korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan lavozimlarda xodimlar rotatsiyasi tizimini yanada izchil va adolatli yo‘lga qo‘yish zarurligi aytib o‘tildi.
Tadbirda ishtirokchilar kundalik ish faoliyatida duch kelishlari mumkin bo‘lgan turli ziddiyatli vaziyatlar hamda boshqa nozik holatlarda qonuniy va odob-axloq doirasida qanday yo‘l tutish kerakligi borasidagi savollariga soha ekspertlaridan aniq javoblar oldi.









