Navoiy viloyatida sanoat va infratuzilma loyihalari yuzasidan jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi
2026-04-28 14:20:00 / Yangiliklar

Jumladan, Navoiy shahri Bunyodkor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “NAVOIYDONMAXSULOTLARI” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tuz qadoqlash hamda polipropilen qop ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish loyihalari yuzasidan jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi.
Eshituvlar davomida loyiha hujjatlari ko‘rib chiqilib, ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik ta’sirlar, chiqindilarni boshqarish, sanitariya me’yorlariga rioya etish masalalari muhokama qilindi. Davlat ekologik ekspertizasi markazi Navoiy viloyati filiali mutaxassislari tomonidan korxonalarning ekologik talablarga muvofiqligi o‘rganilib, ishlab chiqarish bosqichlari va texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, Karmana tumani Bog‘ishamol mahallasi hududida “NAVOIY PREMIUM MILL” MChJ tomonidan un va kepak ishlab chiqarish sexini tashkil etish loyihasi yuzasidan ham jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi. Unda mahalliy aholi, mutasaddi tashkilotlar va loyiha tashabbuskorlari ishtirok etib, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirish choralari muhokama qilindi.
Navoiy shahrining “Hayot” mahallasida esa “RITUAL NAVOIY” MChJ tomonidan toshga ishlov berish sexini tashkil etish rejasi yuzasidan jamoatchilik eshituvlari bo‘lib o‘tdi. Unda chiqindilarni boshqarish, chang va shovqin darajasini kamaytirish, sanitariya talablariga qat’iy rioya etish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, Navoiy viloyatida yirik infratuzilmaviy loyihalardan biri — “Navoiy IES” va “Beshkent” podstansiyalari o‘rtasida 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini qurish loyihasi yuzasidan ham jamoatchilik eshituvlari tashkil etildi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 11 sentabrdagi qarori asosida amalga oshirilib, energetika sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Eshituv davomida mazkur elektr uzatish tarmog‘i qurilishi natijasida aholi va sanoat korxonalarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish, ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish hamda hududlarda energetik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, loyihaning atrof-muhitga ta’siri baholanib, salbiy ta’sirlarni minimallashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jamoatchilik eshituvlari davomida barcha loyihalar bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan fikr-mulohazalar bildirilib, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atmosfera havosi, yer va suv resurslarini muhofaza qilish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Yakunida korxonalar va loyiha tashabbuskorlariga ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirish, ekologik xavfsizlik choralarini kuchaytirish hamda davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talab va shartlarga so‘zsiz rioya etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday jamoatchilik eshituvlari investitsion va infratuzilmaviy loyihalarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, aholi fikrini inobatga olish hamda ekologik barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.









