O‘zbekiston “RES 2026” xalqaro ko‘rgazmasida milliy stend bilan ishtirok etmoqda
2026-04-24 14:00:00 / Yangiliklar

Umumiy maydoni 100–120 m² bo‘lgan pavilyon ekspozitsion, multimedia va muzokara zonalarini birlashtirgan ko‘p funksiyali makon sifatida tashkil etilgan. Uning konsepsiyasi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan tizimli va mintaqaviy yondashuvini namoyish etish, shuningdek, milliy darajada amalga oshirilayotgan amaliy tashabbuslarni ilgari surishga yo‘naltirilgan.
Pavilyonning asosiy mazmuni mamlakatning Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishdagi hissasi, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, bioxilma-xillikni saqlash va jamiyatda ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini ochib beradi. Shuningdek, ekologiya va iqlim masalalarida kelishilgan yechimlarni ishlab chiqishda, ayniqsa, BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Pavilyon ekspozitsiyasi asosiy umummilliy ekologik loyihalar bo‘yicha tuzilgan. Jumladan:
“Chiqindidan xoli hudud” — chiqindilarni boshqarish tizimini rivojlantirish, sirkulyar iqtisodiyot va "zero waste" tamoyillarini joriy etish;
“Toza havo” — atmosfera havosi sifatini yaxshilash, chiqindilarni kamaytirish va ekologik transportni rivojlantirish;
“Yashil makon” — respublika hududida yashil zonalar, botanika va dendrologiya bog‘larini barpo etish;
“Ekomadanioyat” — aholida ekologik tafakkur va barqaror xulq-atvorni shakllantirish;
“Biomeros” – ekotizimlar hamda noyob o‘simlik va hayvonot turlarini saqlash;
Ekologik ta’lim (Green University) – ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasida ilm-fan, kadrlar tayyorlash va innovatsiyalarni rivojlantirish.
Pavilyon doirasida ekologik siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim o‘rin tutuvchi Davlat ekologik ekspertizasi markazi ham o‘z faoliyati bilan ishtirok etmoqda. Markaz tomonidan ekologik ekspertiza jarayonlarini raqamlashtirish, loyihalarning atrof-muhitga ta’sirini kompleks baholash hamda ekologik xavfsizlik mezonlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar taqdim etilmoqda. Shuningdek, markazning asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan loyiha va dasturlarni ekologik jihatdan asoslash, ularning milliy va xalqaro ekologik standartlarga muvofiqligini ta’minlash, hamda barqaror rivojlanish tamoyillariga mosligini ekspertizadan o‘tkazish borasidagi amaliy natijalar ham keng yoritilgan.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi mamlakatda ekologik qarorlar qabul qilish tizimining muhim institutsional bo‘g‘ini sifatida faoliyat yuritib, sanoat, energetika, qurilish va infratuzilma sohalarida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining ekologik xavf-xatarlarini baholashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Markaz zamonaviy GIS texnologiyalari, ekologik monitoring tizimlari va raqamli platformalarni joriy etish orqali ekspertiza jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini oshirishga erishmoqda. Bundan tashqari, ekologik talablarni buzish holatlarining oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash hamda ekologik qonunchilik ijrosini nazorat qilish borasida ham muhim funksiyalarni bajaradi.
Shu bilan birga, Davlat ekologik ekspertizasi markazi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturlari, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan tajriba almashish orqali ekologik baholash tizimini ilg‘or standartlarga moslashtirish ustida ish olib bormoqda. Markaz mutaxassislari tomonidan ekologik ekspertiza sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, ilmiy-amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda yosh mutaxassislarni tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa markazni nafaqat milliy darajada, balki mintaqaviy ekologik siyosatni shakllantirishda ham muhim ilmiy-amaliy platformaga aylantirmoqda.
Funktsional jihatdan pavilon O‘zbekistonni mintaqadagi ekologik yetakchi sifatida aks ettiruvchi kirish zonasi, tematik ekspozitsiya bloklari, interaktiv ekran va infografikalarga ega multimedia zonasi, shuningdek uchrashuvlar, taqdimotlar va bitimlar imzolash uchun mo‘ljallangan muzokara maydonlarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan xalqaro hamkorlik dasturlari va mintaqaviy tashabbuslarni namoyish etuvchi alohida hamkorlik zonasi ham mavjud.
Pavilon dizayni zamonaviy ekologik yechimlar va materiallardan foydalangan holda, tabiiy ranglar uyg‘unligida yaratilgan. Makon turli auditoriyalar — davlat delegatsiyalari, xalqaro ekspertlar, OAV vakillari va yoshlar uchun qulay navigatsiya hamda moslashtirilgan kontent asosida tashkil etilgan.
Ekspozitsiyaning alohida qismini tarmoq vazirliklari, idoralar va yetakchi kompaniyalar tashkil etib, ular iqtisodiyotning “yashil” transformatsiyasi va ESG yondashuvlarini amalda qo‘llash natijalarini namoyish etadi. Ushbu yo‘nalishda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, sanoatda ekologik texnologiyalarni joriy etish, “yashil” iqtisodiyot va uglerod mexanizmlarini shakllantirish, ekologik loyihalarga investitsiyalar jalb etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasidagi yutuqlar taqdim etilgan.
Shuningdek, tog‘-kon, kimyo, qurilish va yengil sanoatda energiya samaradorligi va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, ekologik toza ishlab chiqarish va chiqindilarni qayta ishlashni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Barqaror mobilitet yo‘nalishida esa elektromobillar, gibrid transport vositalari va ekologik infratuzilma uchun maxsus texnikalarni rivojlantirish, shuningdek ekologik tashabbuslarni tadbirkorlik faoliyatiga integratsiya qilish masalalari yoritilgan.
O‘zbekiston Milliy pavilyoni ko‘rgazmaning muhim maydonlaridan biri bo‘lib, unda ekologik islohotlarning amaliy natijalari, ilmiy asoslangan yondashuvlar hamda mamlakatning mintaqaviy ekologik kun tartibini shakllantirishdagi faol roli yaqqol namoyish etilgan.




