Ekologik ta’lim – barqaror rivojlanish omili
2026-04-16 17:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda ekologik ta’limning ahamiyati hech qanday shubha uyg‘otmaydi. U ko‘plab mamlakatlarda ta’lim-tarbiya tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Mamlakatimizda ham mazkur sohadagi davlat siyosati izchil va tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
“Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida barcha turdagi ta’lim muassasalarida ekologiya fanini o‘qitish majburiyligi belgilab qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan, ekologik ta’limning asosiy maqsadi aholining barcha qatlamlarida, xususan, o‘quvchi-yoshlar va talabalarda atrof-muhitni asrashga ongli munosabatni shakllantirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-184-sonli qarori bilan ushbu sohada muhim strategik hujjat qabul qilindi. Konsepsiyaning asosiy maqsadi — yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni shakllantirish va rivojlantirish, ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, shuningdek, aholi o‘rtasida “yashil” iste’mol madaniyatini keng targ‘ib etishdan iborat.
Shuningdek, joriy yil 25-martda qabul qilingan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga qaratilgan PQ-110-sonli qaror sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur hujjat aholi orasida ekologik odatlarni shakllantirish, ta’lim tizimini xalqaro standartlar va ekologik me’yorlar asosida takomillashtirish, shuningdek, malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Bugun Davlat ekologik ekspertizasi markazi ham Ekologiya milliy qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlar qatorida 15-aprel — Ekologik bilimlar kuni munosabati bilan aholi o‘rtasida ekologik qonunchilik bo‘yicha xabardorlikni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Ishonamizki, ushbu sanani keng targ‘ib etish va doimiy ravishda nishonlash globallashuv sharoitida atrof-muhit musaffoligini saqlashga munosib hissa qo‘shadi.
Timurlan AYTMURATOV,
Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari
