Qoraqalpog‘istonda ekologik mas’uliyat va jamoatchilik ishtiroki kuchaymoqda
2026-04-15 16:20:00 / Yangiliklar

Xususan, Nukus shahridagi “Almazar” mahallasida bolalar maydoni barpo etish tashabbusi yuzasidan o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida loyihaning maqsadga muvofiqligi keng muhokama qilindi. Unda ishtirokchilar amalga oshirish jarayonida atrof-muhitga jiddiy salbiy ta’sir kuzatilmasligini ta’kidlab, daraxtlar saqlanib qolishi va ekologik nazorat ta’minlanishiga ishonch bildirdilar. Shu bilan birga, mazkur tashabbus aholi uchun qulay muhit yaratishi va ijtimoiy ahamiyatga egaligi qayd etildi.
Shunga o‘xshash holat “NURTAS SAWDA ORAYI” MCHJ tomonidan Nukus shahrining “Kumbiz ovul” mahallasida rejalashtirilgan muzlatkichli omborxona qurilishi misolida ham kuzatildi. Muhokamalar jarayonida obyektning ekologik talablarga muvofiqligi, yashil hududlarga ta’siri va aholi manfaatlari atroflicha o‘rganildi. Yakunda tashabbusni amalga oshirishga rozilik berildi.
Sanoat korxonalari faoliyatida ham ekologik me’yorlarga rioya etish masalasi doimiy e’tibor markazida. Jumladan, Nukus shahridagi “CONCRETE BUILD” MCHJga qarashli temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalari barcha belgilangan talablar bajarilayotganini ko‘rsatdi. Korxonada chiqindilarni samarali utilizatsiya qilish, havoni tozalash uskunalarini joriy etish hamda kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish kabi choralar ko‘rilgan.
Shuningdek, Taxtako‘pir tumanida faoliyat yuritayotgan “KAUSAR TEGIRMON” MCHJ ham ekologik ekspertiza talablari asosida baholanib, chiqindilarni boshqarish va atmosferani muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilgani aniqlandi. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarida ekologik mas’uliyat tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Amudaryo tumanida joylashgan “NUKUS DILISHA” MCHJ misolida esa ishlab chiqarish faoliyati ekologik me’yorlarga to‘liq muvofiq ekani va qonunbuzilish holatlari kuzatilmagani qayd etildi. Korxonada chiqindilar, atmosfera havosi hamda suv resurslariga ta’sir doimiy monitoring asosida nazorat qilib borilmoqda.
Umuman, keltirilgan misollar respublikada amalga oshirilayotgan loyihalarda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish ustuvor yo‘nalishga aylanganini ko‘rsatadi. Bu kabi yondashuv atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bir qatorda aholi farovonligini oshirish hamda barqaror rivojlanishga xizmat qiladi.







