Ekspertiza markazida jismoniy faollik — sog‘lom jamoa garovi
2026-04-15 12:00:00 / Yangiliklar

Avvalo, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanish inson organizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, jismoniy mashqlar yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, ortiqcha vaznning oldini oladi hamda ish unumdorligini oshiradi. Shu bois, tashkilotlarda xodimlar uchun qulay sharoitlar yaratish, sport mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yish va ushbu jarayonni tizimli tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, Davlat ekologik ekspertizasi markazi xodimlari ham ushbu tamoyillarga amal qilgan holda sog‘lom turmush tarzini izchil ravishda olib bormoqda. Ular jismoniy faollikni kundalik hayotining ajralmas qismi sifatida qabul qilib, har xil sport turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Bu esa nafaqat ularning salomatligini mustahkamlash, balki ish samaradorligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Zero, ekologiya tushunchasi faqatgina tabiatni muhofaza qilish bilan cheklanmaydi. U insonning o‘z salomatligiga bo‘lgan munosabati, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va uni kundalik hayotga tatbiq etishni ham o‘z ichiga oladi.
Shu bois, sog‘lom va faol jamiyatni barpo etish yo‘lida har bir inson o‘z hissasini qo‘shishi muhimdir.




