Amir Temur – mardlik va adolat timsoli
2026-04-08 14:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktori G‘.Muxamedov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti A.Dehqonov hamda markaz xodimlari ishtirok etdi.
Bugungi kunda Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimiz miqyosida tarixchi-olimlar ishtirokida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilayotgani alohida ta’kidlandi.
Amir Temurning jahon tarixida tutgan o‘rni va roli, davlat boshqaruvida amalga oshirgan islohotlari, harbiy san’ati, diplomatik faoliyati, me’morchilik hamda boy madaniy va ma’naviy merosi haqida so‘z yuritildi. Buyuk bobokalonimizning hayoti va faoliyatiga oid muhim tarixiy ma’lumotlar xodimlarga yetkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Amir Temur Vatanimiz tarixida – o‘zbek davlatchiligi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, temuriylar nomi ostida yigirma yetti mamlakatni o‘z ichiga olgan markazlashgan davlat asoschisi, Sohibqiron jahon xalqlari tarixida buyuk davlat arbobi, janglarda yengilmagan mashhur sarkarda sifatida e’tirof etilgan yorqin siymodir.









