Andijonda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimi takomillashtiriladi
2026-04-06 16:30:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24--maydagi PQ-257-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. U Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida moliyalashtirilib, “Iqlim sharoitiga mos suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish” dasturi asosida hayotga tatbiq etilmoqda.
Jamoatchilik eshituvida mahalliy aholi vakillari, fuqarolar yig‘ini raislari, davlat tashkilotlari mutasaddilari, ekologik tashkilotlar hamda loyiha tashabbuskorlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida loyihaning asosiy maqsad va vazifalari, uni amalga oshirish bosqichlari hamda atrof-muhitga ehtimoliy ta’siri yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, qurilish ishlarini amalga oshirish jarayonida ekologik xavflarni kamaytirish bo‘yicha ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan taqdimotlar o‘tkazilib, ishtirokchilarga ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar haqida tushunchalar berildi. Loyiha doirasida aholi uchun qulayliklar yaratish, sanitariya holatini yaxshilash va ekologik barqarorlikni ta’minlash asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani ta’kidlandi.
Eshituv jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar ham inobatga olindi. Bu esa loyihani amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, bunday loyihalar aholi salomatligini muhofaza qilish, turmush darajasini oshirish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









