Bo‘stonliq tumanida dam olish maskani loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
2026-04-01 12:00:00 / Yangiliklar

Mazkur eshituv aholining fikr-mulohazalarini o'rganish, loyiha yuzasidan ochiqlikni ta'minlash hamda ekologik xavfsizlikni baholash maqsadida o’tkazildi. Unda Davlat ekologik ekspertizasi markazi, mahalliy aholi vakillari, mutasaddi tashkilotlar, ekologiya sohasi mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Loyihaga ko‘ra, dam olish maskani hududida 35 ta ko‘chma mobil yengil konstruksiyali kapsula uylar joylashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, har biri 2 o‘ringa mo‘ljallangan. Shu tariqa, maskan bir vaqtning o‘zida 70 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, hududda fuqarolar uchun 30 ta yengil turdagi tapchanlar o‘rnatilishi, 1 ta ochiq turdagi basseyn hamda 1 ta yozgi oshxona tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Jamoatchilik eshituvi davomida ishtirokchilar tomonidan loyihaning atrof-muhitga ta’siri, hududning tabiiy muhitini asrash, sanitariya va ekologik talablarga rioya etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bildirilgan taklif va mulohazalarni loyihani amalga oshirish jarayonida inobatga olish muhimligi ta’kidlandi.
Yakunida, mazkur loyihani amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish, atrof-muhit muhofazasini ta’minlash hamda aholi manfaatlarini hisobga olish zarurligi qayd etildi.









