Ekologik ekspertiza xulosasiz faoliyat yuritgan zavod faoliyati to‘xtatildi
2026-04-01 11:00:00 / Yangiliklar
Qarshi tumanida ekologik talablarni buzgan holda faoliyat yuritib kelgan g‘isht zavodining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida korxonada qator jiddiy kamchiliklar aniqlanib, uning binolari muhrlandi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, mazkur korxonada atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga zid ravishda gaz va changni tozalashga mo‘ljallangan qurilmalar uchun zarur filtrlar o‘rnatilmagan. Bundan tashqari, korxona belgilangan tartibda olinishi lozim bo‘lgan ekologik ekspertiza xulosasisiz faoliyat yuritib kelgani aniqlangan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi qoidabuzarliklar atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib, havo sifatining yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Shu bois vakolatli organlar tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilib, korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
