Qashqadaryoda 7 ta obyektdа ekologik nazorat o‘tkazildi
2026-03-26 17:00:00 / Yangiliklar

Jumladan, Qarshi shahrida “SHARQ DEVELOPMENT GROUPS” MChJga tegishli loyiha doirasida mavjud noturar joyni qayta moslashtirib, uning birinchi qavatini savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, yuqori qavatlarini esa ko‘p qavatli turar-joy sifatida tashkil etish rejasi o‘rganildi. Shuningdek, shahardagi “Ravoq” mahallasi hududida joylashgan ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilishi (1-bosqich) loyihasi bo‘yicha atrof-muhitga ta’sir masalalari tahlil qilindi.
Sanoat sohasida ham ekologik nazorat kuchaytirilgan. Xususan, “RADIANT SILK” MChJga tegishli ipakchilik kompleksida oqova suvlar orqali chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha ekologik normativlar o‘rganildi. Koson tumanida joylashgan “YUG-M” MChJning asfalt-beton ishlab chiqarish sexida chiqindilar hosil bo‘lishi va ularni joylashtirish holati tahlil qilindi. Qarshi tumanidagi “ABF OIL GAZ” MChJga qarashli yoqilg‘i va gaz quyish shoxobchalarida esa ishlab chiqarish jarayonlarining ekologik xavfsizligi, chiqindilarni saqlash va utilizatsiya qilish holati, shuningdek, atmosfera havosi, suv va tuproq ifloslanishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘rganildi.
Shu bilan birga, Qarshi shahrida “JANUB TARMOQ SANOAT” MChJ tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli turar-joy qurilishi loyihasi ham jamoatchilik nazorati doirasida ko‘rib chiqildi. O‘rganish jarayonida qurilish hududida kesilishi lozim bo‘lgan daraxtlar mavjud emasligi, mavjud ko‘p yillik daraxtlarni saqlab qolish bo‘yicha buyurtmachi tomonidan kafolat berilgani ma’lum qilindi.
Kitob tumanida “XAYROBOD SERVIS” MChJga tegishli pishiq g‘isht ishlab chiqarish zavodi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazilib, unda loyihaning ekologik talablarga muvofiqligi muhokama qilindi va jamoatchilik fikri inobatga olindi. Mutaxassislar tomonidan atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Olib borilgan monitoring va tahlillar natijasida barcha obyektlarda ekologik me’yor hamda talablarga rioya etilayotgani, zarur ruxsatnomalar va ekologik xulosalar mavjudligi aniqlandi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, har bir loyihada ekologik tahlilni chuqur o‘tkazish tabiatni muhofaza qilish, aholi salomatligini ta’minlash va hududlarning barqaror rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.







