Xorazm viloyatida rejalashtirilayotgan obyektlar bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi
2026-03-03 14:10:00 / Yangiliklar

Temir yo‘l yuk ortish-tushirish terminali loyihasi
Urganch tumani “Tandirchi” mahallasi, Temir yo‘lak ko‘chasi, 1546-manzilda temir yo‘l vagonlariga yuk ortish va tushirish xizmatini tashkil etish loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Loyihaga ko‘ra, obyekt hududi 3 800 m²ni tashkil etadi. Faoliyatni amalga oshirish jarayonida mavjud daraxt va butalarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, maishiy oqova suvlar betonlashtirilgan yig‘ma chuqurda to‘planib, maxsus transport orqali tozalash inshootlariga olib chiqilishi rejalashtirilgan. Chiqindilarni olib chiqish sanitariya tozalash korxonasi bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Mazkur faoliyat turi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq III toifaga mansub hisoblanadi. Hozirda loyiha bo‘yicha atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi bayonot (ZVOS) hujjati ishlab chiqilmoqda va belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Yakka tartibdagi turar-joylar qurilishi loyihasi
Urganch tumani, “Ravot” mahallasi, Registon ko‘chasi, 12-manzilda mavjud bino-inshootlarni buzish va o‘rnida yakka tartibdagi turar-joy binolarini qurish loyihasi yuzasidan ham jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Loyiha hududi 12 850 m² bo‘lib, qurilish osti maydoni 3 933 m²ni tashkil etadi. Hudud to‘liq o‘rab olingan. Faoliyatni amalga oshirishda yashil hududlarga zarar yetkazilmasligi, oqova suvlarni maxsus betonlashtirilgan chuqurda to‘plash hamda chiqindilarni shartnoma asosida olib chiqish choralarini qo‘llash ko‘zda tutilgan. Hududni obodonlashtirish, manzarali ko‘chatlar ekish va quyosh panellaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Mazkur faoliyat ham III toifaga mansub bo‘lib, loyiha bo‘yicha ZVOS hujjati ishlab chiqilib, davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etilishi belgilangan.
Ichki yo‘l qurilishi loyihasi
Urganch tumani “G‘alaba” MFY hududida fuqaro D. Baxshiyev tomonidan yaroqsiz ichki drenaj tarmog‘ini (kollektorni) ko‘mish va uning o‘rnida 0,3 km ichki yo‘l qurish loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Mazkur loyiha mahalla ichki yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan. Loyihani amalga oshirish jarayonida daraxt va butalar kesilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, qurilish davrida changlanishni kamaytirish uchun yo‘llarga suv sepish, mavjud daraxtlarga shikast yetkazmaslik choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.
Faoliyat turi amaldagi tasnifga muvofiq III toifaga kiradi. Loyiha bo‘yicha atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi bayonot hujjati ishlab chiqilib, davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etilishi belgilangan.
Jamoatchilik eshituvlari yakuni
Eshituvlar davomida loyihalar atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan rejalashtirilayotgan faoliyatlar uchun atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va belgilangan ekologik me’yorlarga rioya etilishi sharti bilan ularni amalga oshirish mumkinligi ma’qullandi.



