Fargʻona viloyatida ekologik ekspertiza va jamoatchilik eshituvlari
2026-03-02 12:00:00 / Yangiliklar

Jumladan, 2026-yil 11-fevral kuni Fargʻona shahri, Madadkor MFY, Nurafshon koʻchasi, 8-uy manzilida joylashgan boʻsh yer maydonida «Petro-Oil Industry» MChJ tomonidan konteyner tipidagi avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi (KAYOQSh) oʻrnatish uchun yer tanlash bosqichidagi «Atrof-muhitga taʼsiri toʻgʻrisida ariza» loyihasi joyiga chiqib oʻrganildi.
Oʻrganish davomida loyihaning atrof-muhitga ehtimoliy taʼsiri baholandi hamda ekologik ekspertiza xulosasi tayyorlash jarayonida buyurtmachiga qonunchilikda belgilangan talablar qoʻyildi. Mazkur talablar bajarilishi ustidan muntazam nazorat oʻrnatish maqsadida shahar ekologik inspeksiyasiga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shu bilan birga, Oltiariq tumani, Mirfozil MFY, Amir Temur koʻchasi, 103-uy manzilida joylashgan «Oyxon Oygul Fayz» MChJga qarashli yoqilgʻi quyish shoxobchasiga qoʻshimcha propan yoqilgʻisi uskunalari oʻrnatilishi munosabati bilan taqdim etilgan ekologik loyiha joyiga borib oʻrganildi. Aniqlanishicha, mazkur obyekt qurilishi uchun 2024-yil 15-yanvar kuni Davlat ekologik ekspertizasining 34-sonli ijobiy xulosasi olingan boʻlib, unda qurilish va foydalanish jarayonida atrof-muhitga taʼsirni kamaytirish boʻyicha belgilangan talablar bajarilgan. Mutasaddilar tomonidan korxona vakillariga atmosfera havosini muhofaza qilish va xavfsiz foydalanish talablari yuzasidan qoʻshimcha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Fargʻona viloyati, Toshloq tumani, Guzarboshi MFY, Guzar koʻchasi, 88-uy manzilida joylashgan «Vodiy Sof Sut» OKga qarashli sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash sexi faoliyati boʻyicha ham joyiga chiqib oʻrganish va monitoring ishlari amalga oshirildi. Unda “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat muassasasi Fargʻona viloyati filiali yetakchi eksperti R. Mamadaliyev, loyihachi “SSMEKOLOYIHA” XK rahbari E. Abdullayev hamda korxona vakili M. Shokirov ishtirok etdi.
Oʻrganish davomida Davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etilgan “Ekologik oqibatlar toʻgʻrisida ariza” (EOTA) loyihasi hamda 2025-yil 25-yanvarda berilgan 01-02/12-5220-sonli ekologik ekspertiza xulosasida belgilangan talablar bajarilishi yuzasidan monitoring oʻtkazildi. Aniqlanishicha, sutni qayta ishlash jarayonida hosil boʻladigan oqova suvlar betonlashtirilgan oʻraga toʻplanib, ularni oʻz vaqtida olib ketish tartibi yoʻlga qoʻyilgan, sexda hosil boʻladigan yaroqsiz sut mahsulotlarini joylashtirish va utilizatsiya qilish ishlari tashkil etilgan.
2025-yil 24-fevralda tasdiqlangan OʻRQ-1036-sonli “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasi 11-bandiga muvofiq, ekologik ekspertiza buyurtmachisi xulosada koʻrsatilgan ekologik talablarni bajarishi shartligi yuzasidan tushuntirish ishlari ham olib borildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori talablariga muvofiq 2026-yil 12-fevral kuni Bagʻdod tumani «Bedarak» MFY hududida «KARAVAN ZEROMAX» MChJ tomonidan tashkil etilayotgan, 30 ming dona tuxum yetishtirishga moʻljallangan parrandachilik sexi faoliyati yuzasidan jamoatchilik eshituvi oʻtkazildi.
Tadbirni tuman hokimi oʻrinbosari U. Yigitaliyev ochib berib, mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ish oʻrinlari yaratish va aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi. Loyiha tashabbuskori — ferma rahbari Sh. Xoshimov tomonidan rejalashtirilayotgan obyekt parametrlari, ishlab chiqarish quvvati, texnologiyalar va ekologik chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi Fargʻona filiali mutaxassislari jamoatchilik eshituvini oʻtkazish tartibi, ishtirokchilarning huquqlari hamda loyihani ekologik ekspertizadan oʻtkazish jarayoni boʻyicha tushuntirish berdi. Eshituvda ishtirok etgan mahalliy aholi vakillari tomonidan loyihaning amalga oshirilishiga rozilik bildirildi.






