Ekologik xavfsizlik talablari nima?
2026-02-26 17:30:00 / Yangiliklar
Ekologik xavfsizlik talablari — atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida belgilanadigan va bajarilishi majburiy bo‘lgan talablar majmui.

Ular O‘zbekiston Respublikasi kodekslari, qonunlari, qonunosti hujjatlari, ekologik normalar va qoidalar, texnik jihatdan tartibga solish hujjatlari hamda standartlar asosida belgilanadi.
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish chog‘ida qo‘yiladigan talablar:
- taqdim etilgan materiallarning atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirish;
- mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa faoliyatning ekologik hamda ijtimoiy oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ishonchliligi va to‘liqligini baholash;
- biologik va kimyoviy moddalar hamda texnologiyalarning atrof-muhitga ta’sirini baholash asoslanganligini tekshirish;
- mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq ekologik xavf darajasini baholash to‘g‘riligini tekshirish;
- ekologik xavfsizlik talablarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning yetarliligi va asoslanganligini baholash;
- ekologik normativlar loyihalarining asoslanganligini tekshirish.
Nima uchun ekologik xavfsizlik talablariga rioya qilish muhim?
Ekologik xavfsizlik talablari:
- inson salomatligi va ekologik muvozanatni saqlash, shuningdek mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sharoitlarini yaratadi;
- biologik xilma-xillik va genetik fond boyligini saqlashga xizmat qiladi;
- ekotizimlar, landshaftlar va noyob tabiiy obyektlar xilma-xilligini asrashga yordam beradi;
- ekologik xavfsizlikni ta’minlaydi;
- tabiat obyektlari bilan bog‘liq moddiy madaniy merosni saqlashga xizmat qiladi.
Tabiatni asrash — nafaqat davlat, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyatidir.


