Yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
2026-02-20 17:30:00 / Yangiliklar

Eshituvda “Uzbekistan Airports” AJ, “Vision Invest” MChJ vakillari, “OQTAVIA-CAC” MChJ milliy konsultantlari, “5 Capitals” kompaniyasi, Davlat ekologik ekspertizasi vakillari, O'rta Chirchiq tumani davlat ekologik inspektorlari, Yangiyo‘l va Xalqobod mahalla raislari hamda Surum, Yangiyo‘l va Xalqobod mahallalari aholisi ishtirok etdi.
Ma'lumot uchun, Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Transport vazirligi hamda “Uzbekistan Airports” tomonidan "Vision Invest" va "Sojitz Corporation" kompaniyalari hamkorligida Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari hududida zamonaviy aeroport barpo etilishi rejalashtirilgan. Tashabbuskor sifatida “OOTA VLA” kompaniyasi ishtirok etmoqda. Asosiy maqsad — poytaxt va mintaqaning transport infratuzilmasini rivojlantirish, tranzit salohiyatini oshirish hamda xalqaro aviaqatnovlar uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.
Eshituv davomida loyiha tashabbuskorlari tomonidan Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi bo‘yicha loyiha yechimlari, qurilish bosqichlari hamda ekologik jihatlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan loyihaning 5 km gacha bo‘lgan ta’sir zonasi, yer uchastkalari va infratuzilmaga ta’sir, ehtimoliy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar, aholini ko‘chirish masalalari (zarurat bo‘lgan taqdirda) va salbiy ta’sirlarni kamaytirish choralari batafsil tushuntirildi.
Shuningdek, ishtirokchilarning savollariga mas’ul tashkilotlar vakillari tomonidan javob berildi. Mahalliy aholi vakillari loyiha borasida o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi. Yakunida bayonnoma rasmiylashtirilib, bildirilgan taklif va mulohazalar Atrof-muhitga ta’sirni baholash hujjatlarini takomillashtirish jarayonida inobatga olinishi belgilandi.







