Markazda qonunchilik talablariga rioya etish va shaffoflik masalalari muhokama qilindi
2026-02-12 15:30:00 / Yangiliklar

Majlisni Markaz Bosh direktori G‘. Muxamedov olib bordi. Unda davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, xizmat faoliyatini qonuniylik, ochiqlik va xolislik tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Qonun talablari davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda ishlayotgan xodimlarga tatbiq etilishi eslatib o‘tildi.
Anjumanda Prezident Farmoni bilan davlat xaridlari tizimini zamonaviy va servisga yo‘naltirilgan mexanizm asosida takomillashtirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish vazifalari belgilanganiga e’tibor qaratildi.
Shundan so’ng Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati bo‘yicha bosh mutaxassis R. Tashpulatov mazkur hujjatlarning asosiy jihatlarini sharhlab berdi. Xususan, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida davlat xizmatchilari uchun belgilangan cheklovlar mazmuni tushuntirildi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, bunday holatlarni erta aniqlash va bartaraf etish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida tarkibiy bo‘linmalar rahbar va xodimlariga normativ-huquqiy hujjatlar talablariga qat’iy amal qilish, xizmat faoliyatida shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavflarning oldini olish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Topshiriqlar ijrosi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat qayd etildi.




