“Siyosiy ma’rifat soati”da Prezident Murojaatnomasining mazmun-mohiyati tushuntirildi
2026-01-09 17:00:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar yuzasidan soha mutaxassislarining fikr-mulohazalari tinglandi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktori maslahatchisi Islom Xushvaqtov Murojaatnomada 2026-yilda amalga oshirilishi belgilangan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dastur haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetikani rivojlantirish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish Murojaatnomaning beshinchi ustuvor yo‘nalishi ekani alohida ta’kidlandi.
Prezident Murojaatnomasida ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetikani rivojlantirish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish mamlakatimizni yaqin kelajakda har tomonlama yuksak taraqqiy ettirishning eng muhim olti ustuvor yo‘nalishidan biri sifatida belgilab berilgani qayd etildi.
Tadbirda, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangilangan loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, uning asosiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Taqdim etilgan ma’lumotlar ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, sohani uzoq muddatli rivojlantirishga doir taklif va mulohazalar bildirildi.
Mazkur tadbir xodimlarning siyosiy bilim va dunyoqarashini oshirish, jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.




