Rasmiy munosabat!
2026-01-08 17:00:00 / Yangiliklar

Ekologik stiker olish bilan bog‘liq pochta xarajatlari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi
Ekologik stikerlarni yetkazib berish uchun pochta xizmati to‘lovlari Click, Payme kabi to‘lov ilovalarida mavjud bo‘lgan YHXX to‘lovlar katalogi orqali amalga oshiriladi. Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish va mavjud yagona to‘lov mexanizmidan foydalanish maqsadida ushbu to‘lov texnik jihatdan ma’muriy jarimalar bo‘limida aks ettirilmoqda.
Mazkur holat haydovchiga nisbatan hech qanday haqiqiy jarima yoki huquqbuzarlik mavjudligini anglatmaydi. Ushbu to‘lov ekologik stikerni yetkazib berish bilan bog‘liq pochta harajatlarini qoplash uchun undiriladi va Road24 hamda YHXXning boshqa axborot tizimlarida jarima yoki qarzdorlik sifatida qayd etilmaydi.
Bu tartib to‘lov jarayonini soddalashtirish va foydalanuvchilarga ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmaslik maqsadida joriy etilgan.
Hozirgi kunda My.gov.uz axborot tizimida to‘lov mexanizmlarini yanada takomillashtirish hamda davlat xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Tizimdagi yangilanishlar haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
