O‘zbekistondagi birinchi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
2025-12-25 17:00:00 / Yangiliklar

Eshituvda loyihaning asosiy jihatlariga e'tibor qaratildi. Xususan, atom energetikasi O‘zbekistonning energetika mustaqilligi, kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish va aholi turmush sifatini oshirish uchun ishonchli asos bo‘lishi ta’kidlandi.
Shuningdek, jamoatchilik vakillariga loyihaning texnik yechimlari haqida batafsil ma’lumot berildi: dunyoda birinchi marta bitta maydonda ikkita katta quvvatli VVER-1000 energiya bloki va umumiy o‘rnatilgan quvvati taxminan 2100 MVt bo‘lgan ikkita kichik quvvatli RITM-200N energiya bloki joylashtiriladi. Bunday kombinatsiyalangan konfiguratsiya yiliga taxminan 15 milliard kVt/soat toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Tadbirda xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar zamonaviy passiv himoya tizimlari, "chuqur eshelonlangan himoya" tamoyillari, shuningdek, katta va kichik quvvatli energiya bloklarining xavfsizligini ta’minlash choralari, hatto stansiya to‘liq o‘chirilgan taqdirda ham xavfsizlik qanday ta'minlanishini batafsil yoritib berishdi. Tabiiy muhitning barcha tarkibiy qismlarini hisobga olgan holda atrof-muhitga ta’sirni kompleks baholash ushbu loyihaning MAGATE qo'ygan eng qat’iy xalqaro standartlariga va milliy qonunchilikka to‘liq mos kelishini tasdiqladi.
Tibbiy va sanitariya-gigiyena ta’minoti masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi: eshituvda radiatsion vaziyatni nazorat qilish tizimi, xodimlar va aholini tibbiy kuzatish, shuningdek, stansiyani qurish va undan foydalanishning barcha bosqichlarida insonlar salomatligini himoya qilish choralari haqida ma’lumot berildi.
Eshituv davomida aholi vakillarining radiatsiyaviy xavfsizlik kafolatlari, suv resurslari va qishloq xo‘jaligiga ta’siri, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tumanning ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, mahalliy aholi uchun kompensatsiya choralari haqidagi savollariga batafsil javob qaytarildi.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan barcha takliflar aks etgan bayonnoma ma’qullandi.







