Konstitutsiya – demokratik va inson huquqlariga tayangan davlat barpo etishdagi eng ishonchli kafolat
2025-12-04 12:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi va uning tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Unda yangilangan Konstitutsiyaning har bir fuqaro uchun hayotiy ahamiyatga ega qoidalari, yangi tahrirdagi normalar mazmun-mohiyati va ular orqali mustahkam huquqiy davlat barpo etishda qo‘yilgan qadamlar haqida so‘z yuritildi. Xususan, inson huquq va erkinliklari sohasidagi islohotlar mamlakatni demokratik rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqqani alohida ta’kidlandi. Bosh qomusda “inson – jamiyat – davlat” tamoyilining ustuvorligi bugungi davlat siyosatida inson manfaatining birinchi o‘rinda turishini ko‘rsatadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirish, yoshlarimizni huquqiy faollikka chorlash va ularni oliy maqsadlarga intilishga undashda muhim vosita hisoblanadi. Chunki, har bir inson o‘z huquqlarini anglab, fuqarolik mas’uliyatini tushunsa, bu mamlakatimizda qonun ustuvorligi va demokratik tamoyillarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilariga Konstitutsiyaning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, fuqarolik mas’uliyati va professional rivojlanish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Muloqot va savol-javoblar orqali xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalariga javob topdi va Konstitutsiyada aks etgan normalarning nafaqat qonunchilik asosi, balki har bir fuqaroning kundalik hayotida huquqiy kafolat sifatida xizmat qilishini chuqur angladi.
Xulosa qilib aytganda, yangi Konstitutsiya – demokratik va inson huquqlariga tayangan davlat barpo etishdagi eng ishonchli kafolatdir. Mazkur davra suhbati yosh avlodning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni faol fuqaro sifatida shakllantirish va Vatan ravnaqiga daxldorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Shuningdek, tadbirda 1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingani, unda madhiya davlat suverenitetining ramzi, unga ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi ekani, O‘zbekiston fuqarolari, xususan, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlandi.




