Samarqandda “Bahodir Yalangto'sh” filmining ilk premyerasi bo'lib o'tdi
2024-05-27 10:20:00 / Yangiliklar

25-may kuni Samarqand shahridagi “Moʻjiza” amfiteatrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan suratga olingan “Bahodir Yalangtoʻsh” tarixiy-badiiy filmining ilk katta premyerasi oʻtkazildi. Unda Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, Agentlik direktor oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, rejissyor Jahongir Ahmedov boshchiligidagi film ijodiy guruhi, jurnalist va blogerlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab Agentlik rahbariyati va ijodkorlar Oqdaryo tumanidagi Maxdumi Aʼzam majmuasida joylashgan Bahodir Yalangtoʻsh qabrini ziyorat qildi.
Shundan soʻng Ipak yoʻli turizm va madaniy meros xalqaro universitetida film premyerasiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Anjumanda OAV vakillari va jurnalistlarning film haqidagi savollariga javob berildi. Tadbirdan soʻng ishtirokchilar film premyerasiga taklif qilindi.
Premyerani Samarqand viloyati hokimi va Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori ochib berdi. Agentlik rahbari kelgusida bu kabi filmlarni yaratishda jamoatchilik alohida o'ringa ega ekanligini ta'kidladi.
“Bugun oʻzbek kinosidagi tarixiy kunlarning biri. “Tirik tarix” dasturidagi filmlarning ilk namunasi “Bahodir Yalangtoʻsh" filmi eʼtiboringizga havola qilindi. Ushbu film muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan suratga olindi. Ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur tarixiy filmlarning aksariyati bevosita Samarqand bilan bogʻliq. Bugungi kunda Sharq madaniyatining oltin beshigi boʻlgan Samarqand chin maʼnoda yirik kino markazlaridan biriga aylanmoqda. Shuningdek, yaqindan hamkorlik qilgani uchun Viloyat hokimiga hamda Samarqand ahliga chuqur minnatdorlik bildiraman”,
— dedi Agentlik direktori.
Viloyat hokimi oʻz nutqida bu muvaffaqiyatli yoʻlning boshlanishi ekanligini taʼkidladi.
“Bugun yaxshi niyat bilan boshlangan ishimizning natijasini koʻradigan kun. Tarixni xalqimizga yetkazib berishda filmning oʻrni katta. Boshlanishi doim qiyin boʻladi. Ishonchim komilki, bundan buyogʻiga turli xil sifatli filmlar tomosha qilamiz. Shu oʻrinda film uchun Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi rahbariyatiga, film ijodiy jamoasiga oʻzimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman”,
— dedi Erkinjon Turdimov.
Rejissyor Jahongir Ahmedov 3 yil davom etgan suratga olish jarayonlari va uning mashaqqatlari haqida so'zladi.
Soʻng Agentlik direktori Firdavs Abduxoliqov Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga samimiy hamkorlik uchun tashakkurnoma topshirdi. Shundan keyin filmning Samarqand shahridagi keng jamoatchilik uchun namoyishi oʻtkazildi. Film qariyb 3,5 mingdan ortiq tomoshabinni 2 soat davomida katta qiziqishda ushlab turdi va iliq taassurot qoldirdi.
Kinokartinada Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangtoʻshning hayot yoʻli va faoliyati hikoya qilinadi. Amir Yalangtoʻsh avvalo mohir harbiy sarkarda edi. U Buxoro xonligining ikki sulola davrida ham barcha harbiy yurishlarida ishtirok etgan, yirik gʻalabalarni qoʻlga kiritgan.
“Filmlarda, xususan, tarixiy filmlarda ham asosan salbiy obrazlarni ijro etganman. Chunki har qanday filmda salbiy qahramon dinamikani belgilab beradi, shu bilan birga, salbiy obraz aktyordan alohida masʼuliyat, mashaqqat talab qiladi.Tomoshabinning diqqat-markazida turadi. Abdurahmon devonbegi obrazi ham shular qatoriga kiradi. Shu oʻrinda, bu kabi filmlarni qoʻllab-quvvatlayotgan Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligiga chin koʻngildan minnatdorlik bildirmoqchiman”,
— deya fikr bildirdi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Tohir Saidov.
Premyeradan soʻng tomoshabinlar film haqida iliq fikrlarni bildirishdi. Aksar kinoixlosmandlar Bahodir Yalangtoʻsh tarixiy shaxsi haqida maʼlumotga ega boʻlmaganini, film orqali buyuk sarkardaning hayot yoʻli bilan yaqindan tanishganini aytib oʻtdi.
Maʼlumot uchun, 30-may, payshanba kuni poytaxtdagi Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Bahodir Yalangtoʻsh” filmining katta premyerasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.