Videoreportaj: Tomorqadan samarali foydalangan paxtakorlik bobo bir yilda 175 million so‘m daromad qilishi kutilmoqda
2025-07-05 13:00:00 / Yangiliklar

U kishining 20 sotixli yer maydonida ekilgan sarimsoq piyozdan 45 million so‘m miqdorida daromad olingan.
Dehqonchilik sohasida katta tajribaga ega O'roqboy bobo kelasi mavsumda sarimsoq o‘rniga yangi turdagi mahsulotlarni ekishga qaror qilgan. Jumladan, u pomidor, qalampir, bulg‘or qalampiri, bodring, makkajo‘xori va xrizantema gullarini ekib, 130 million so‘mgacha daromad olishni rejalashtirgan.
Ayni paytda u kishi ayrim mahsulotlarni sotishni ham boshlab yuborgan. Mahsulotlar mahalliy bozorlarda xaridorgir bo‘lib, yuqori sifatliligi tufayli tezda sotilmoqda. Shu bilan birga, hosildorlikni oshirish maqsadida zamonaviy agrotexnologiyalardan ham foydalanilmoqda.
Ma’lumki, tomorqadan samarali foydalanish nafaqat oila farovonligini ta’minlaydi, balki mahalliy oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi. O'roqboy boboning tashabbusi boshqa mahalliy aholi uchun ham ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda Paxtakor tumanida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat yetishtirish hajmi oshib bormoqda. Tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholini qo‘llab-quvvatlash ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
