Videoreportaj: Jizzax viloyatida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tantanali nishonlandi
2025-05-24 18:55:00 / Yangiliklar

Bu bayram nafaqat bitiruvchilar uchun, balki butun jamoatchilik uchun muhim va xotirasiz voqea sifatida o‘tmoqda.
Jizzax viloyatida ham mazkur tadbir yuksak ruhda, tantanali ravishda nishonlandi. Xususan, Sharof Rashidov tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” marosimida Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan samimiy va ruhiy-ma’naviy tarbiyaga boy tabrigi ham o‘qib eshittirildi. Mazkur tabrik Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan viloyatdagi barcha 560 ta umumta’lim maktab bitiruvchilariga onlayn tarzda yetkazildi.
Tantanali tadbir davomida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev bitiruvchilarni yangi hayot bosqichiga qadam qo‘yishlari bilan tabriklab, ularga kelajakda muvaffaqiyat, tinchlik va omad tiladi. Shuningdek, u ta’lim sohasidagi islohotlar, yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Viloyat bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida viloyat va tuman rahbarlari, jamoat arboblari, ilm-fan va madaniyat vakillari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, keksa muallimlar va bitiruvchilarning ota-onalari faol qatnashdi. Ular ham o‘z navbatida bitiruvchi o‘quvchilarga faxr va umid bilan tilaklar bildirishdi.
2024/2025 o‘quv yilida Jizzax viloyati bo‘yicha jami 18 210 nafar o‘quvchi umumiy o‘rta ta’limni muvaffaqiyatli yakunladi. Aytish joizki, bu yilning o‘zidayoq 1 828 nafar bitiruvchi oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin talabalikka tavsiya etildi. Bu esa viloyatdagi ta’lim sifati, o‘qituvchilar mehnati va o‘quvchilarning bilimga bo‘lgan intilishi samarasi sifatida baholanmoqda.
Tadbirning badiiy qismida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi, she’riy chiqishlar, kuy va raqslar namoyon etildi. Ayniqsa, bitiruvchi sinf o‘quvchilarining ustozlarga bag‘ishlangan samimiy tabriklari va iliq so‘zlari yig‘ilganlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Tadbirning har bir lahzasi xotiralarga muhrlanarli bo‘ldi. Hozirgi kunda mustaqil hayot ostonasida turgan yoshlar uchun ushbu tadbir ilk katta qadamning boshlanishidek his etildi.
Jizzaxdagi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari nafaqat yosh avlodning kelajakka bo‘lgan ishonchi, balki davlatimiz tomonidan ta’limga qaratilayotgan alohida e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.


