Mahalladagi yoshlar yetakchilari uchun o‘quv-seminar
2025-07-31 15:35:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevral kungi videoselektor yig‘ilishi va 15–16-aprel kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida yoshlar yetakchilarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar yetakchilarini qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan iyul–avgust oylariga mo‘ljallangan o‘quv-seminarlar rejasi tasdiqlandi. Seminarlar yoshlar yetakchilari faoliyatini muvofiqlashtirish, metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va shaxsiy rivojlanishini ta’minlashga qaratildi.
16–24-iyul kunlari Qoraqalpog‘iston va viloyatlar yetakchilari uchun Zoom orqali, 28–29-iyul kunlari esa Toshkent shahri yetakchilari uchun Agentlikning “Yoshlar press klubi”da 3 soatlik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Seminarlarda 9008 nafar yoshlar yetakchisidan 8756 nafari qamrab olindi. Dastur doirasida “Yoshlar yetakchisi kim?”, “Yetakchi psixologiyasi”, “Mahalla yettiligi” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi. Shuningdek, Prezident topshirig‘i asosida ishlab chiqilgan “Mahalla yettiligi” tarkibi va ta’lim muassasalari bilan hamkorlik mexanizmlarining mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Undan tashqari, “Ibrat”, “Mutolaa”, “uzchess”, “Ustoz AI” va “Qizlar akademiyasi” kabi yoshlar loyihalari keng targ‘ib qilindi. Seminarlar davomida mega loyihalar foydalanuvchilari soni mahallalar kesimida tahlil qilindi. Targ‘ibotda sustlikka yo‘l qo‘ygan yetakchilarga metodik ko‘mak berildi.
Shuningdek, platforma orqali yoshlarni ro‘yxatga olishda yuzaga kelayotgan muammolar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar loyihalar ofisiga taqdim etildi.
Seminarlarda faol qatnashgan yoshlar yetakchilari Agentlikning yosh kadrlar zaxirasiga kiritiladi.









