“Bolalar harakati” sardorlar saylovi final bosqichi yakunlandi
2024-12-13 09:10:00 / Yangiliklar

“Bolalar harakati” sardorlar saylovi final bosqichi yakunlandi
Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va tarbiya jarayonini tashkil qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.
“Yoshlar forumi-2024” doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston bolalar tashkiloti “Bolalar harakati” Respublika sardorlari saylovi final bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi.
Bolalarda liderlik ko‘nikmalarini shaklantirish, ularni vatanparvarlik, mardlik ruhida tarbiyalash, bolalarning tashabbuslari va ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston bolalar tashkiloti, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Bolalar harakati” sardorlar saylovi besh bosqichda tashkil etildi.
Bolalarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, ota-ona, oila va atrofdagilarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda daxldorlik, mehr-saxovat kabi fazilatlarni rivojlantirish, bolalar o‘rtasida yaxshi do‘stlik aloqalarini yaratish maqsadida bugungi kunga qadar “Bolalar harakati” sardorlar saylovining sinf, maktab, tuman (shahar) bosqichi o‘tkazildi. “Bolalar harakati” saylovlarida “Sport”, “Ekologiya”, “Media va IT”, “San’at”, “Ta’lim”, “Saxovat” yo‘nalishlari va bosh sardorlar saylandi. Sinf va maktab sardorlar saylovi ta’lim muassasasi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda maktab joylashgan mahalla yoshlar yetakchisi hamkorligida tashkil etildi.
Sinf sardorlar saylovlarida 171 759 nafar, maktab sardorlar saylovida 196 160 nafar maktab sardorlari saylandi.
208 ta tuman (shahar)da bo‘lib o‘tgan “Bolalar harakati” sardorlar saylovining tuman (shahar) bosqichida 1456 nafar sardorlar, 14 ta hududda tashkil etilgan hududiy bosqichda 98 nafar sardorlar, respublika bosqichida esa 14 nafar sardorlar saylandi.
Respublika sardorlari etib quyidagi bolalar saylandi:
Bosh sardor – Jasurbek Yusufjonov
“Qizlar akademiyasi” yo‘nalishi sardori – Dilso‘z No‘monova
“Ibrat farzandlari” yo‘nalishi sardori – Ominabonu Abdurahimova
“Zakovat” yo‘nalishi sardori – Mushtariy Doniyorova
“Mutolaa” yo‘nalishi sardori – E’zoza Sattorova
“Ustoz AI” yo‘nalishi sardori – Murodilla Xamroev
“Fitrat Media” yo‘nalishi sardori – Ozodbek Gulyamov
“Yashil makon” yo‘nalishi sardori – Ruxshona Isroilova
“UzChess” yo‘nalishi sardori – Muhammadyusuf Ismoiljonov
“Vatan tayanchi” yo‘nalishi sardori – Xudoynazar Shodmonov
“San’at” yo‘nalishi sardori – Dinara Jienbaeva
“Iqtidor” yo‘nalishi sardori – Mavluda Anvarbekova
“Imkon” yo‘nalishi sardori – Mubina Karimova
“Cho‘lpon izdoshlari” yo‘nalishi sardori – Alina Maksyutova.